Toshkent shahrida madaniy meros obyektlarining holatini o‘rganish va ularning muhofazasini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli kompleks monitoring ishlari amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 21-aprel kuni Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov rahbarligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrida joylashgan 28 ta madaniy meros obyekti atroflicha ko‘zdan kechirildi.
O‘tkazilgan monitoring jarayonlari shuni ko‘rsatdiki, ayrim obyektlarda ularning tarixiy va me’moriy qiyofasiga nisbatan e’tiborsizlik holatlari saqlanib qolmoqda. Xususan, 3 ta madaniy meros obyektida fasad qismlarining tashqi omillar ta’sirida ifloslangan holatda ekani aniqlangan bo‘lsa, 4 ta obyekt bo‘yicha belgilangan tartib va me’yoriy hujjatlarga zid ravishda, tegishli ruxsatnomalarsiz ta’mirlash ishlari olib borilgani, reklama bannerlari o‘rnatilgani hamda fasad qismlariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritilgani ma’lum bo‘ldi.
Alohida holat sifatida Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 12-uy manzilida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi binosi madaniy meros obyekti yuzasidan chuqurlashtirilgan o‘rganish ishlari boshlandi. Tahlillar davomida bino fasadidagi rang yechimi Navoiy ko‘chasi bo‘yicha shakllantirilgan me’moriy konsepsiya va tarixiy-shaharsozlik muhitiga to‘liq mos kelmasligi aniqlandi. Shuningdek, Toshkent shahar madaniy meros boshqarmasi tomonidan 8-aprel kuni berilgan muhofaza belgisi hanuzgacha o‘rnatilmagani qayd etildi. Mazkur kamchiliklar inobatga olinib, obyekt fasad qismini ko‘cha konsepsiyasiga uyg‘unlashtirish, uning tarixiy va me’moriy qiyofasini saqlagan holda restavratsiya ishlarini amalga oshirish hamda rang va bezak elementlarini tarixiy asoslar bilan muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 15-uyda joylashgan “Alisher Navoiy nomli san’at saroyi binosi” hududida reklama bannerlarining tegishli ruxsatnomalarsiz o‘rnatilgani aniqlanib, bu holat qonunchilik talablariga zid ekani qayd etildi. Noqonuniy reklama vositalari shu kunning o‘zidayoq olib tashlandi.

Navoiy ko‘chasi, 28-uy manzilida joylashgan “4 qavatli ma’muriy bino (Markaziy telegraf binosi)” hududida esa ruxsatsiz yer qazish ishlari olib borilgani aniqlandi. Mazkur holat madaniy meros obyektlariga nisbatan qo‘pol aralashuv sifatida baholanib, ishlar zudlik bilan to‘xtatildi hamda hududni dastlabki holatiga qaytarish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha mas’ul tashkilotlar ogohlantirildi.
Shu ko‘cha bo‘ylab joylashgan Navoiy ko‘chasi, 30-uy (Axborot va kommunikatsiyalar agentligi binosi)da esa tegishli ruxsatlarsiz ta’mirlash ishlari olib borilayotgani aniqlanib, qonunchilikka muvofiq huquqiy choralar ko‘rish jarayoni boshlandi.


Navoiy ko‘chasi, 38-uydagi “O‘zkimyosanoat DAKbinosi” hududida esa ruxsatsiz konditsioner qurilmalario‘rnatilgani qayd etilib, ularni olib tashlash yokime’yoriy talablarga muvofiq yashirish yuzasidantopshiriqlar berildi.

Alpha version: 0.9.1.19 build 42218 | Инструменты