Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlari O‘zbekiston uchun mamlakat mustaqil taraqqiyoti tarixidagi eng muvaffaqiyatli o‘yin bo‘ldi.
O‘zbekiston Olimpiadaga jami 90 nafar sportchi yuborgandi. Ular musobqada 13 ta medal — 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzani qo‘lga kiritdi. Respublika medallar hisobida 206 davlat orasida 13-o‘rin, Markaziy Osiyo, MDH, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar orasida 1-o‘rin, Osiyo bo‘yicha esa 4-o‘rinni (Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyadan keyin) egalladi.
O‘zbekiston delegatsiyasining yozgi Olimpiadalarda ko‘rsatgan natijasi va umumjamoa reytingida egallagan o‘rni:
Atlanta-1996: 1 kumush, 1 bronza (jami 2 ta) — 58-o‘rin;
Sidney-2000: 1 oltin, 1 kumush, 2 bronza (4 ta) — 43-o‘rin;
Afina-2004: 2 oltin, 1 kumush, 2 bronza (5 ta) — 34-o‘rin;
Pekin-2008: 1 kumush, 3 bronza (4 ta) — 62-o‘rin;
London-2012: 3 bronza (3 ta) — 75-o‘rin;
Rio-2016: 4 oltin, 2 kumush, 7 bronza (13 ta) — 21-o‘rin;
Tokio-2020: 3 oltin, 2 bronza (5 ta) — 32-o‘rin;
Parij-2024: 8 oltin, 2 kumush, 3 bronza (13 ta) — 13-o‘rin.

2021-yilning avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiada o‘yinlarida kuchli 15 talikdan joy olish uchun mamlakatda barcha imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlagandi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi medallar hisobida birinchi o‘rin bilan dunyoning eng kuchlisi bo‘ldi. Erkaklar jamoasidagi 7 nafar bokschidan 5 nafari oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Olimpiada sovrindorlari:
Oltin medal:
Diyora Keldiyorova (dzyudo, -52 kg)
Ulug‘bek Rashitov (taekvondo WT, -68 kg)
Razambek Jamalov (erkin kurash, -74 kg)
Hasanboy Do‘smatov (boks, -51 kg)
Abdumalik Xalakov (boks, -57 kg)
Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev (boks, -71 kg)
Lazizbek Mullojonov (boks, -80 kg)
Bahodir Jalolov (boks, +92 kg)
Kumush medal:
Akbar Jo‘rayev (og‘ir atletika, -102 kg)
Svetlana Osipova (taekvondo WT, +67 kg)
Bronza medal:
Muzaffarbek To‘raboyev (dzyudo, -100 kg)
Alisher Yusupov (dzyudo, +100 kg)
G‘ulomjon Abdullayev (erkin kurash, -57 kg)
Bu galgi o‘yinlarda o‘zbek sporti qayd etgan muhim natijalar:
Tarixda ilk marta o‘zbekistonlik ayol sportchi Olimpiadaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar boksidagi 7 ta vazn toifasidan 5 tasida o‘zbekistonliklar chempion bo‘ldi.
Olimpiadalarda ilk bor o‘zbekistonlik dzyudochilar 3 ta, tayekvondochilar esa 2 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Delegatsiyaning birdaniga uch a’zosi olimpiya o‘yinlarining ikki karra chempioniga aylandi.
O‘zbek sporti Parij olimpiadasida sportning futbol, suvga sakrash, kamondan otish va ayollar kurashi turlari bo‘yicha debyut qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21513 | Инструменты