O‘zbekiston — 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni

Samarqandda o‘tkazilgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa O‘zbekiston tarixida ikkinchi bor shaxmat olimpiadasida chempionlikka erishdi.

O‘zbekiston Ukraina bilan uchrashuv tugashidan oldin chempionlikni matematik jihatdan kafolatladi. Chunki Hindiston so‘nggi turda Vengriya bilan 2:2 durang o‘ynadi. O‘zbekiston 10 turdan keyin Hindistondan bir ochko oldinda edi: 18 ga 17.

O‘zbekiston musobaqaning dastlabki 7 turining barchasida g‘alaba qozondi. Hal qiluvchi bahslarda Hindiston ustidan 2.5:1.5, Xitoy ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonildi. 8-turda Germaniya g‘alabali seriyani to‘xtatdi, ammo jamoamiz darhol o‘zini tikladi: 9-turda turnirning birinchi raqamli saralangan jamoasi — AQSh mag‘lub etildi, 10-turda esa Armaniston 3.5:0.5 hisobida taslim etildi. Va nihoyat — Ukrainaga qarshi so‘nggi g‘alaba oltin medal masalasini hal qildi.

O‘zbekiston tarkibi:
Javohir Sindarov
Nodirbek Abdusattorov
Nodirbek Yakubboyev
Shamsiddin Vohidov
Muhiddin Madaminov

Jamoa sardori — sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov. Ushbu tarkibdagi to‘rt nafar shaxmatchi 2022-yilda Chennai Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan jamoada ham o‘ynagan. O‘zbekiston shaxmatining so‘nggi uch Olimpiadadagi natijasi esa alohida e’tiborga loyiq:

2022, Chennai — OLTIN
2024, Budapesht — BRONZA
2026, Samarqand — OLTIN

Demak, O‘zbekiston ketma-ket uchta Shaxmat olimpiadasini medalsiz tark etmadi va to‘rt yil ichida ikkinchi bor Open bo‘limida jahonning eng kuchli terma jamoasi bo‘ldi.

2022-yilda O‘zbekistonning Olimpiadadagi oltin medalini tasodif yoki bir martalik muvaffaqiyat deb baholaganlar ham bor edi. Ammo 2026-yilda jamoa butun turnir davomida kuchli va ishonchli o‘yin namoyish etib, yana shohsupaga ko'tarildi. Bu safar yigitlarimiz faqat chempion bo‘libgina qolmay, 2022-yildagi oltin tasodif bo‘lmaganini va O‘zbekiston bugun dunyoning eng kuchli shaxmat terma jamoasi ekanini amalda isbotladi.

Chempionlarimizni va butun O‘zbekiston xalqini ushbu tarixiy g‘alaba bilan chin qalbdan tabriklaymiz!

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92911 | Инструменты