Yanvar oyida elektromobillar segmenti yuqori surʼatda o‘sdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi joriy yil yanvar oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston birlamchi avtomobil bozorining dinamikasi va hududiy tuzilmasiga oid yangilangan tahlilni taqdim etdi. Tahlilda bozor segmentlaridagi o‘zgarishlar, jumladan elektromobillar bozoridagi tendensiyalar ham qamrab olingan.

Markaz maʼlumotlariga ko‘ra, yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga o‘sib, 28,6 ming donani tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori bozor faolligi Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yangi yengil avtomobillar sotuvi Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida kamaygan.

Segmentlar bo‘yicha tahlilda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 11 foizdan ortiq o‘sib, 24 ming dondan ziyodni tashkil etgani taʼkidlandi. Ayni paytda xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi qariyb 4,4 ming donani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 10 foizga kamaygan.

Elektromobillar segmenti esa bozor o‘sishining asosiy drayveriga aylangani qayd etildi. Yanvar oyida elektromobillar savdosi 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi. Hududiy kesimda sotuvlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilgan — bu jami hajmning 62 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

Keyingi o‘rinlarda Samarqand (3,5 barobar), Namangan (2,4 barobar), Surxondaryo (5 barobar) hamda Xorazm (3 barobar) viloyatlarida elektromobil savdosi sezilarli o‘sgan. Shuningdek, elektromobillarning birlamchi bozori rekord darajada 45,3 foizga o‘sib, 4,7 mingta elektromobilni tashkil etgani maʼlum qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21414 | Инструменты