Andijonda tadbirkorni yollanma qotil orqali o‘ldirmoqchi bo‘lgan guruh ushlandi

Andijon viloyatida tadbirkorni yollanma qotil orqali o‘ldirishni rejalagan guruh aʼzolari qo‘lga olindi, deb xabar berdi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

4 fevral kuni yakka tartibda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi shaxs Andijon tuman ichki ishlar bo‘limiga o‘ziga nisbatan tayyorlanayotgan suiqasd haqida ariza bilan murojaat qilgan. U besh kishidan iborat guruh 1500 dollar evaziga qotil yollab, uni qasddan o‘ldirishga kelishganini bildirib, yordam so‘ragan.

Shundan so‘ng Andijon viloyati Paxtaobod tumanida viloyat IIB, Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura hamkorligida maxsus tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.

Maʼlum qilinishicha, guruh yetakchisi — 42 yoshli, “Ronaldo” laqabli shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining qator moddalari, jumladan badanga shikast yetkazish, talon-toroj, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, hujjatlarni qalbakilashtirish, giyovand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar va bezorilik bo‘yicha sudlangan.

U 26 yoshli, muqaddam firibgarlik, o‘g‘rilik va bezorilik uchun bir necha bor sudlangan shaxsga tadbirkorni o‘ldirish evaziga kelishilgan 1500 dollardan dastlabki to‘lov sifatida 300 ming so‘m berayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davomida guruhning qolgan aʼzolari ham ushlangan. Ular orasida Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi rahbari bo‘lgan, muqaddam sudlangan “Glavrach” laqabli shaxs, “Boksyor” laqabli fuqaro, yana bir 42 yoshli shaxs va 23 yoshli tibbiyot instituti talabasi bor.

Holat yuzasidan guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi “p” bandi (Odam o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rish va uni sodir etishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21323 | Инструменты