UzAuto Motors Damas va Cobalt‘ning yangi versiyalarini ishlab chiqarilishini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, Damas minivenining Damas Move yo‘lovchi versiyasi va Damas Max yuk-yo‘lovchi versiyasi mavjud bo‘ladi. Cobalt‘ning esa Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etiladi.
Kompaniyaning qayd etishicha, yangi Damas o‘lchamlari kattalashadi, yuk ko‘tarish qobiliyati va sig‘imi oshadi, shuningdek, haydovchi hamda yo‘lovchilar qulayligi yaxshilanadi. Yangi model ayni paytdagi joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.
«Bu esa xaridorlarga sinovdan o‘tgan klassik model hamda zamonaviy texnologik yangiliklarga ega yangi avlod avtomobili o‘rtasida erkin tanlov qilish imkonini yaratadi», — deydi kompaniya.
UzAuto Motors Cobalt‘ning yangilangan versiyasida ilgari mavjud bo‘lmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlanishini maʼlum qildi. Qayd etilishicha, modernizatsiya jarayonida avtomobilning dvigateli yangilangan, ABS tizimi takomillashtirilgan, shuningdek, dvigatel va uning tizimlarini boshqaruvchi yangi blok o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, mijozlar uchun Android Auto va Apple CarPlay‘ni qo‘llab-quvvatlaydigan sensorli multimedia tizimi, kruiz-kontrol tizimi, eko-charmdan qilingan o‘rindiqlar, old o‘rindiqlarning isitish funksiyasi, yangi asboblar paneli hamda multimedia va kruiz-kontrolni boshqarish tugmalari bilan jihozlangan rul, shuningdek, interyerning yangi dekorativ elementlari kabi bir qancha yangi opsiyalar mavjud bo‘ladi. Jami 50 dan ortiq asosiy avtomobil komponentlari yangilandi.
«Cobalt modelini rivojlantirishning keyingi bosqichi esa avtomobilning tashqi ko‘rinishini (feyslift) o‘zgartirish bo‘lib, UzAuto Motors mutaxassislari bu yo‘nalishda ishlarni allaqachon boshlashgan», — deydi kompaniya.
Avtomobillarning narxlari hamda sotuv boshlanishi sanalari bo‘yicha batafsil maʼlumot keyinchalik eʼlon qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101318 | Инструменты