Huawei 1
Toshkentdagi shifoxonada betob bolalar soni ortgani haqidagi xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda yosh bolalar orasida tana harorati ko‘tarilib, tomoq og‘rig‘i ko‘paygani, natijada bolalar shifoxonasiga murojaatlar soni ortgani haqida videolavha tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Sog'liqni saqlash vazirligi izoh berdi

Aniqlanishicha, ushbu videoda aytilgan tibbiyot muassasasi Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasi bo‘lib, mazkur markaz 425 o‘ringa mo‘ljallangan.

Muassasa kecha-yu kunduz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadigan ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi hisoblanib, bu yerda turli yo‘nalishdagi, yaʼni nevrologik, jarrohlik, antirobik, travmotologik, neonatologik, oftalmologik va somatik kasalliklar bilan murojaat qilgan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga statsionar va ambulator tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Shifoxonaga bir sutkada o‘rtacha 300-350 nafar bemor murojaat qilib, ulardan 55-65 nafari statsionar yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yotqiziladi. Qolganlarga esa birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, yashash hududi bo‘yicha oilaviy shifokor nazoratiga yuboriladi.

Bugungi kunda ushbu tibbiyot muassasasi qabulxonasiga faqatgina tana harorati ko‘tarilishi yoki tomoq og‘rig‘i bilan emas, balki allergik toshmalar, ich ketishi, ko‘z va qorin og‘rig‘i, chaqaloqlarning qulog‘i og‘rishi, bezovtalik, appenditsit, disk churrasi kabi tashxislar bilan ham murojaat bo‘lmoqda.

Oilaviy poliklinikalar faoliyati ertalab soat 08.00 dan kechki 20.00 gacha davom etishini inobatga olsak, tungi payt bemor bolalarga tibbiy yordam olish uchun asosan bolalar shifoxonasiga murojat qilinadi. Natijada kechki vaqtda bemorlar soni birmuncha ortadi.

Bundan tashqari, poytaxtimizda respublika davolash muassasalaridan tashqari, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi 5 ta klinik va 5 ta yuqumli kasalliklar shifoxonasi tunu kun faoliyat yuritmoqda.

"Shunday ekan ijtimoiy tarmoqlarda bolalar shifoxonasiga isitma va tomoq og‘rig‘i bo‘yicha murojaatlar soni ortgani haqidagi xabarlar asossiz ekani maʼlum qilinadi", - deyiladi SSV xabarida. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga