Soat 06:00 dan 23:00 gacha "A" ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish huquqiga ega bo‘lmagan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi
Toshkent shahridagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasining 6 kilometrli qismida, har ikki yo‘nalishda "A" ajratilgan yo‘laklar bo‘ylab harakatlanishni nazorat qiluvchi kameralar o‘rnatildi. Shuningdek, jamoat transporti harakatiga ustuvorlik berish maqsadida poytaxtning boshqa ko‘chalaridagi ajratilgan yo‘laklarda ham nazorat kameralari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar bermoqda.
Nima uchun avtobuslar uchun ajratilgan yo‘lakni band qilmaslik muhim?
Bitta avtobusda bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ortiq yo‘lovchi bo‘lishi mumkin. Avtomobil ajratilgan yo‘lakka chiqib, avtobus harakatiga to‘sqinlik qilsa, bu shunchaki bitta transport vositasining emas, balki ishga, o‘qishga, uyiga yoki boshqa muhim yumushlari bilan shoshilayotgan o‘nlab insonlarning kechikishiga sabab bo‘ladi.
Ya’ni bitta avtomobil sababli 50 nafardan ortiq inson vaqt yo‘qotishi mumkin. Agar bir nechta avtobusning harakati kechiksa, bundan aziyat chekadigan yo‘lovchilar soni yanada ortadi. Aynan shu sababli ajratilgan yo‘laklar jamoat transportining ortiqcha kechikishlarsiz harakatlanishi, qatnov jadvaliga rioya qilishi va yo‘lovchilarning manziliga o‘z vaqtida yetib borishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Eslatish lozim, soat 06:00 dan 23:00 gacha "A" ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish huquqiga ega bo‘lmagan transport vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi.
Qoidani buzgan, ushbu maxsus yo'lakchaga kirib, avtobuslar harakati uchun noqulaylik tug'dirgan haydovchilar birinchi qoidabuzarlikka – 440 000 so‘m, 1 yil davomida takroriy qoidabuzarlik uchun 1 320 000 so‘m, avtobus yo‘lagida to‘xtab turgani uchun 880 000 so‘m jarima to'laydi.
Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazining "Uzreport.news.uz"ga bergan ma'lumotiga ko'ra, o'ngga burilish kerak bo'lgan joylarga kirish yo'lning 1.5 chizig'idan amalga oshiriladi. 1.1 ya'ni uzun uzluksiz oq chiziqni bosgan haydovchi jarima to'lashga majbur bo'ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101417 | Инструменты