O‘zbekistonda 2040-yilgacha logistika korxonalari uchun soliq taʼtili belgilandi: Yangi qaror qanday imtiyozlarni taqdim etadi?

Prezidentning 2026-yil 12-oktabrdagi PQ–368-sonli qarori bilan mamlakat transport-logistika tizimini tubdan rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Hujjatga muvofiq, kelgusi besh yillikda sohani strategik rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berildi.

Yangi qaror doirasida 2026–2030-yillarda quyidagi natijalarga erishish ko‘zda tutilgan:

  • Transport-logistika markazlarining yillik yuk o‘tkazish quvvati kamida 40 million tonnaga yetkaziladi.
  • Transport va logistika xizmatlari eksporti 3,5 milliard AQSh dollariga, respublika hududi orqali tranzit yuk tashish hajmi esa 18,5 million tonnaga oshiriladi.

Xalqaro talablarga javob beradigan quruqlik portlari soni hozirgi 24 tadan 30 tagacha ko‘paytiriladi. Davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlarining yuk o‘tkazish va konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobarga oshiriladi.

Hududlar ixtisoslashuvi va raqamlashtirish

Qarorga ko‘ra, respublikaning qator hududlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi. Ular sirasiga Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani hamda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Ohangaron tumanlari kiritildi.

Shuningdek, sohani raqamlashtirish maqsadida markazlarda terminallarni boshqarish (TOS) va omborni boshqarish (WMS) tizimlari joriy etiladi. Ushbu tizimlar 2030-yil yakuniga qadar Transport vazirligining yagona “E-logistika” platformasiga integratsiya qilinadi.

Hujjatda tadbirkorlar va investorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qancha soliq va bojxona imtiyozlari ko‘zda tutilgan:

2040-yilgacha soliq taʼtili: ESKATO quruqlik portlari to‘g‘risidagi bitimga kirgan, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etgan hamda “E-logistika” platformasida “BB” va undan yuqori reytingga ega bo‘lgan markazlar yer va mol-mulk solig‘idan to‘liq ozod qilinadi.

Qayd etilishicha, reestrga kiritilgan markazlar uchun 2029-yil 1-avgustgacha mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikalari, agregat va ehtiyot qismlar bojxona boji hamda majburiy sertifikatlashtirishdan ozod etiladi.

2027-yil 31-dekabrga qadar M₂, M₃, N toifasidagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar respublikada ishlab chiqarilmaydigan butlovchi qismlarni (komponentlarni) bojxona bojisiz olib kirishlari mumkin.

Raqamli savdo va kuryerlik xizmatlarini rivojlantirish maqsadida, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazganlik uchun amaldagi bojxona yig‘imi stavkasi 20 foizga pasaytiriladi.
Ushbu islohotlar O‘zbekistonning mintaqaviy logistika xabi sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga va tashqi savdo aylanmasini tezlashtirishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101418 | Инструменты