19 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ichki ishlar xodimi pichoqlab ketilgani aks etgan video tarqaldi. Pichoqlashda gumon qilingan shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yunusobod tumanining Yunusobod Dehqon bozori hududida xizmat olib borayotgan Yunusobod tumani IIO FMB Post-patrul xizmati inspektori safdor I.Ibragimov yerosti tushish yo‘li oldida o‘tib ketayotgan fuqaro o‘zining xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgani sababli uni to‘xtatib, tekshirayotgan vaqtida yonida bo‘lgan pichoq bilan to‘satdan xodimga hujum qilib, bo‘yin qismiga jarohat yetkazgan.
Xodim tezkorlik bilan shifoxonaga yotqizilib, uning hayotini saqlab qolishga erishilgan. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida gumondor shaxs ushlangan. Aniqlanishicha, u 1963 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan, Jizzax viloyati Paxtakor tumani yashovchi X.A. bo‘lib, 2005 yildan beri ruhiy kasalliklar dispanserida ro‘yxatda turadi.
Hozirda holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi hamda 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61522 | Инструменты