Toshkent shahrida ekologik talablarni bajarmagan qurilish obyektlarida ishlar vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Energoinspeksiya va Qurilish inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Toshkent shahrining 12 tumanidagi qurilish obyektlari kompleks o‘rganildi. Jarayonga 140 nafar xodim jalb etildi.
Tadbirlar davomida 96 ta qurilish obyekti o‘rganildi. Shundan 60 ta holatda havoning chang va qum bilan ifloslanishining oldini olish bo‘yicha majburiy talablar buzilganligi aniqlandi.
Shuningdek, 47 ta holatda qurilish maydonining 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha talab bajarilmagan.
Huquqbuzarlik sodir etgan 15 ta obyektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi, 70 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 68 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.
Bundan tashqari, 24 ta obyektda suv yuvish moslamalari o‘rnatilishi taʼminlandi, 62 ta obyektda esa avtomashinalar shinalarini yuvish uchun basseynlar yaratilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112802 | Инструменты