Huawei 1
Toshkent viloyatida Xalqaro o‘rmon forumi bo‘lib o‘tdi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligining O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti binosida Xalqaro o‘rmonlar kuniga bag‘ishlangan “O‘rmonlar – sayyoramiz nafasi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda “Yashil makon” milliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, respublika o‘rmon fondi yerlarining holati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi, Ekologiya vazirligining Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda
O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi olimlarining Orol dengizi tubini tiklashda daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish ahamiyati haqidagi ma’ruzalari tinglandi.

“Bugungi forum mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan yoshlarga o‘rmon xo‘jaligi, o‘rmon fondi yerlarining holati, o‘rmonlarni asrab-avaylash va ko‘paytirish borasidagi ishlar, Orol dengizining qurib qolgan tubida obodonlashtirish ishlari bo‘yicha kengroq ma’lumotga ega bo‘lish imkonini berdi”, – dedi Ekologiya vazirligi bo’lim boshlig’i Zarrina Abdullayeva.

Maʼlumot uchun, soʻnggi yillarda mamlakatimiz oʻrmon fondi yerlari 1 million gektarga kengayib, 11,9 million gektarni (respublika umumiy yer maydonining 26,4 foizini) tashkil etdi. Bu yerlarning 81,8 foizi (9701418 ga) choʻl, 13,7 foizi (1618578 ga) togʻlar, 4,2 foizi (503147 ga) oʻrmonzorlardir.

“Bugun yurtimizda o’rmonzorlarni asrash va kengaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Orol dengizi tubida saksovul va boshqa cho’l iqlimiga chidamli o’simliklar ekilmoqda. Bugun Orolda juda katta saksovulzorlar barpo qilindi, - dedi O’rmon xo’jaligi agentligi bosh mutaxassisi G’anisher Xo’jayev. - Buning samarasi o’laroq Orol hududidagi bioxilma-xillik saqlab qolinmoqda. Bugungi forumda ana shu masalalar muhokama qilindi, o’rmonlarning cho’llanishga qarshi kurashdagi o’rni katta ekanligi ta’kidlandi. Shuningdek, kelgusida bu ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olindi”.

Ta’kidlash joizki, 2023-yilda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 235 ming gektar maydonda o‘rmonlarni o‘stirish va tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Samarqand, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida sun’iy yo‘ldoshlar yordamida o‘rmonlarning maydoni va holati aniqlandi. Shuningdek, o‘rmonlarni muhofaza qilish va asrab-avaylash maqsadida 48 ming gektar maydonda o‘rmon kasalliklari va zararkunandalari o‘rganilib, shundan 23 ming gektarida zararkunanda kasalliklarining oldini olish ishlari olib borildi.

2024-yilda esa 7 ming gektar o‘rmon yerlari o‘zlashtirilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga