Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida Zangiota tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Toshkent shahrida yashovchi, 1996 yilda tug'ilgan shaxs sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 9500 dona “Menavazin”, 1300 dona “Glitserin” va 2000 dona “Metralin” dori vositalari hamda infuzion eritmalar quyish uchun mo‘ljallangan 56880 dona sistema tibbiy buyumlarini jami 9700 AQSH dollari va 2 mln 550 ming so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tekshiruv davomida “Glitserin” suyuqligi qo‘lbola usulda tayyorlanib, qadoqlanganligi maʼlum bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi” Davlat markazining tegishli xulosasiga ko‘ra, mazkur tibbiy dori vositalari va buyumlarini respublika hududida sotish, tashish va amaliyotda qo‘llash taqiqlanadi.
Holat yuzasidan mazkur fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 1863-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Farg‘onada sifati kafolatlanmagan 8 mlrd so‘mlik dori vositalari va 400 mln so‘mlik tibbiyot jihozlarining savdoga chiqarilishini oldi olingani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70322 | Инструменты