Parvozlar xavfsizligini ishonchli ta’minlovchi Aviatsiya xavfsizligi xizmati har kuni shay holatda. Ular faoliyatining muhim bosqichlaridan — bagaj va qo‘l yuklarni samolyotga chiqishdan oldin sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirilishidir. Bu esa, parvoz davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday tahdidlarga yo‘l qo‘ymaslikka yordam beradi.
Jumladan, 2025-yil 1-yanvardan 30-avgustgacha bo‘lgan davrda, Toshkent aeroportida Aviatsiya havfsizligi xizmati aerovokzal majmuasi nazoratchilar bo'linmasi tomonidan 535 ta taqiqlangan buyum musodara qilingan. Ulardan: sovuq qurollar (pichoqlar, xanjarlar, kastetlar), harbiy qurol-yaroq va ularga o‘xshatmalari, pirotexnika vositalari (paqildoqlar, bengal chiroqlari), gaz va qalampirli ballonlar, dubulg‘alar va elektroshokerlar, kimyoviy moddalar va ko‘p maqsadli qurilmalar (o‘yinchoqli to‘pponchalar, brelokli o‘qlar, shuningdek, dronlar).
"Mazkur buyumlarning aksariyati yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi uchun potensial tahdid hisoblanadi. Hatto suvenirli o‘qlar va o‘yinchoqli qurollar ham shubha uyg‘otishi va reys kechikishiga yoki samolyot bortida hodisa yuz berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tashish qoidalariga rioya etish o‘z navbatda nazoratdan oson o‘tishga yordam berishi bilan birga, parvozlar xavfsizligini ta’minlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Shu munosabat bilan yo‘lovchilarga taqiqlangan buyumlar ro‘yxati bilan oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi", — deya ta’kidlaydi "Uzbekistan Airports" Aviatsiya xavfsizligi xizmati.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91319 | Инструменты