Huawei 1
Prokuror, sudya katta yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Surxondaryo viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori xizmat mavqeidan foydalangan holda, Denov tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi yurituvidagi 1999 yilda tug'ilgan fuqaroga nisbatan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lsada, lekin, jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik to‘g‘risida mazkur tuman IIBga ko‘rsatma berishini aytib, evaziga 2000 AQSH dollari talab qiladi.

Joriy yilning 5 sentyabr kuni u so‘ralgan pul mablag‘idan 5 mln. so‘mni o‘zining nomidagi plastik kartaga o‘tkazdirib oladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Termiz shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u talab qilingan puldan 1300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan prokurorga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Boshqa holatda esa Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati sudyasining katta yordamchisi Andijon shahrida yashovchi, 1992 yilda tug'ilgan ayolning nomidan Andijon tumanlararo FIB sudiga daʼvo arizasi kiritib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ayolning sobiq turmush o‘rtog‘iga tegishli mol-mulklarning bir qismini uning foydasiga hal qilish haqida qaror chiqartirib berish evaziga 500 AQSH dollari talab qiladi.

Sudya katta yordamchisi hozirga qadar so‘ralgan pul mablag‘idan 200 AQSH dollari oladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Andijon shahrida o‘tkazilan tezkor tadbirda, u qolgan 300 AQSH dollariga teng hisoblab, 3 mln 800 ming so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda sudya katta yordamchisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Bu kabi qonunbuzilishi Jizzax shahrida ham qayd etilib, unda mahalliy advokatlik hayʼati advokati o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, Mirzacho‘l tumanida yashovchi, 1981 yilda tug'ilgan fuqaro bilan o‘zaro til biriktirib, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi manzil koloniyada ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan mahkumni Jizzax viloyat sud tizimidagi tanishlari orqali oqlov hukmi asosida muddatidan oldin ozodlikka chiqarib berish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari hamkorligida Jizzax shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91319 | Инструменты