Huawei 1
Tizim bor, nazorat yetishmaydi – Sirdaryo viloyatidagi tibbiyot tanqid qilindi

Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasida Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar vaqti” dasturi doirasida sohaga oid islohotlarning amaliyotdagi samaradorligi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilish tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi va sog‘liqni saqlash tizimidagi raqamlashtirish jarayonida kuzatilayotgan kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi.

Muhokamaning asosiy mavzularidan biri statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni DMED axborot tizimiga to‘liq va o‘z vaqtida kiritish masalasi bo‘ldi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim hududlarda bu yo‘nalishdagi ko‘rsatkichlar qoniqarsizdir. Jumladan, Shirin shahrida  38,2 foiz, Sayxunobod tumanida  62,2 foiz, Xovos tumanida  64,5 foiz, Sardoba tumanida  69,5 foiz. Bu holat hududiy tibbiyot muassasalarida raqamlashtirish jarayoni yetarlicha tizimlashtirilmaganini ko‘rsatadi.

Laboratoriya tahlili natijalarini elektron tizimga kiritish borasida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Xususan, Sayxunobod, Guliston, Boyovut tumanlari hamda Shirin shahri tibbiyot birlashmalarida bu yo‘nalishdagi ishlar susaygan.

Viloyat Onkologiya va radiologiya markazida elektron kasallik tarixi noto‘g‘ri yuritilgani va pullik xizmatlardan tushgan daromadlar ma’lumotlar bazasiga to‘liq kiritilmayotgani aniqlandi. Shuningdek, Viloyat dermatovenerologiya va kosmetologiya markazida 1 maydan 17 maygacha 58 million so‘mlik daromad tushgan bo‘lsa-da, shundan faqat 20,4 million so‘migina (ya’ni 35,9 foiz) elektron bazada aks ettirilgan. Qolgan 64,1 foiz mablag‘ hech qanday rasmiy hisobotda ko‘rsatilmagan.

–  Bu bir muassasaga xos holat emas, afsuski, boshqa shifoxonalarda ham shunga o‘xshash kamchiliklar kuzatilyapti, “90 kunlik o‘zgarishlar” – bu shunchaki shior emas, balki har bir rahbar va mutaxassis zimmasiga yuklatilgan aniq vazifa va javobgarlikdir, – dedi viloyat rahbari Erkinjon Turdimov.

Viloyat narkologiya markazi, yuqumli kasalliklar shifoxonasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari, mahalliy hokimliklar ham tanqid qilinib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilayotgani, nazoratning yetarli emasligi  qayd etildi. Yig‘ilish davomida har bir rahbar va mutasaddilarga amaliy natijaga yo‘naltirilgan vazifalar yuklatildi.

Yig‘ilishda farmatsevtika sohasidagi vaziyatga ham alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda 219 ta farmatsevtika sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 10 ta ishlab chiqarish korxonasi, 15 ta ulgurji savdo tashkiloti va 194 ta chakana dorixona bor. Tekshiruvlar natijasida 150 ta dorixonada noqonuniy aylanma va qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Bu aholi salomatligiga bevosita xavf tug‘diruvchi holat sifatida baholandi.

Shuningdek, dori vositalarini tayinlash va retseptlarni rasmiylashtirish tartibida ham jiddiy kamchiliklar mavjud. Joriy yil boshidan buyon 52 ta holatda shifokorlar belgilangan rasmiy blankalar o‘rniga oddiy qog‘oz parchalarida retsept bergani aniqlangan. Masalan, Sayxunobod tuman bolalar bo‘limi shifokori “Nitroksolin” dori vositasini, Sirdaryo tuman tibbiyot birlashmasi shifokori esa “Midokalm” va “Dikloberl” preparatlarini retseptsiz tayinlagan.

Bunday holatlar nafaqat qonunbuzarlik, balki bemor xavfsizligi, dori vositalarining aylanmasi va nazorat tizimi uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Shu sabab, shifokorlarning huquqiy bilim va mas’uliyatini oshirish maqsadida muntazam o‘quv-seminarlar tashkil etilishi zarurligi ta’kidlandi.

Moliyaviy intizom masalasida ham jiddiy muammolar qayd etildi. Yil boshidan buyon 6 ta jinoiy va 3 ta ma’muriy ish yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Guliston, Sayxunobod, Oqoltin tuman tibbiyot birlashmalari hamda Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida yuzlab million so‘m mablag‘lar asossiz ravishda sarflangan yoki talon-toroj qilingan.

Shuningdek, Guliston shahar tibbiyot birlashmasi mansabdorlari dori vositalarini bozor narxidan yuqori narxlarda xarid qilish orqali davlat mablag‘larini samarasiz yo‘naltirgani ma’lum bo‘ldi. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun mas’ul rahbarlarning javobgarligini oshirish, ishga yangicha yondashuvga ega mutaxassislarni jalb etish hamda tizimli qayta tayyorlash ishlarini tashkil etish topshirildi.

Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, raqamlashtirish jarayonidagi kamchiliklar, moliyaviy hisobdorlikda shaffoflikning yo‘qligi va shifokorlar mas’uliyati  sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarning samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omillar hisoblanadi. Tanqidiy tahlil, shaxsiy javobgarlik va qat’iy nazorat  bugungi kun talabiga aylangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52201 | Инструменты