Huawei 1
Til sertifikati yo‘q o‘qituvchilarning vaqtinchalik ishlashiga ruxsat berildi

Maktablardagi kamida B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilariga joriy yilning yakuniga qadar o‘z mehnat faoliyatini davom ettirishga ruxsat berildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining joriy yilning 15 sentyabr kuni qabul qilingan “Xorijiy til o‘qituvchilarining belgilangan talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lishlariga doir zaruriy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi buyrug‘ida belgilangan.

Unga ko‘ra, umumiy o‘rta taʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan barcha xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi talabini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida amalda faoliyat olib borayotgan va talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2025 yilning yakuniga qadar (joriy o‘quv yilining 1- va 2-choraklari davomida) o‘z mehnat faoliyatlarini davom ettirishga ruxsat berildi.

Shu bilan birga, vazirning ushbu buyrug‘i bilan talab darajasidagi sertifikatlarga ega o‘qituvchilar sertifikatlarining amal qilish muddati o‘quv yili davomida tugaydigan bo‘lsa, bu toifadagi o‘qituvchilarga o‘quv yili so‘ngiga qadar ishlash imkoniyati beriladi.

Shuningdek, joriy o‘quv yilida umumiy o‘rta taʼlim maktablarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vakant lavozimlarga oliy taʼlim muassasalarida xorijiy tillar o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olayotgan hamda talab darajasidagi sertifikatga ega 3-4-kurs talabalari orasidan kadrlar zaxirasi shakllantiriladi.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 dekabriga qadar vakolatli tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan chet tili bo‘yicha milliy hamda xalqaro sertifikat imtihonlariga tayyorgarlik jarayonida tuman (shahar) Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limlari tomonidan malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.

Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-son qarorining 9-bandida davlat taʼlim muassasalari xorijiy tillar o‘qituvchilari uchun xorijiy tillarni o‘zlashtirish darajasi bo‘yicha 2025/2026 o‘quv yiliga qadar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi belgilangan. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92512 | Инструменты