2025-yil 24-sentabr kuni ICTWEEK Uzbekistan 2025 ning ikkinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi va "IT ta’lim assotsiatsiyasi" nodavlat notijorat tashkilotining tashkiliy ko‘magida CAEx ko‘rgazma markazida "Huawei Digital Economy Forum 2025" tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt tadqiqotlar markazi, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi, UZTELECOM, Uzum, IT Park Uzbekistan, TATU, Hisoblash bo‘yicha konsorsium (Global Computing Consortium) va Huawei kompaniyasi vakillari nutq so‘zlashdi.
Bir qator tematik sessiyalar doirasida jadal rivojlanish davrida iqtisodiyot tarmoqlarini raqamli o‘zgartirish va Sun’iy Intellektni qo‘llash ssenariylarini izlash kabi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi, shuningdek, yangi tashabbuslar va hamkorliklarni ilgari surish uchun hamkorlik muhiti yaratildi. Forum moderatori Huawei kompaniyasining yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidagi AKT strategiyasi va marketingi bo‘yicha vitse-prezidenti doktor Mohamed Madkur bo‘ldi. O‘zining kirish nutqida u "Raqamli iqtisodiyot bo‘yicha forum — bu davlat tuzilmalari vakillarini, yetakchi xalqaro ekspertlarni, mahalliy innovatorlarni va raqamli bozorning asosiy ishtirokchilarini birlashtiradigan noyob platforma. Bugun amaliy tajriba va g‘oyalar bilan bo‘lishish uchun kelajakni shakllantiradiganlar shu yerga yig‘ilishgan. Aynan shunday uchrashuvlar hamkorlikning yangi ufqlarini ochib, O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha ulkan maqsadlarga erishish uchun kuchli turtki bo‘lmoqda" - deb ta’kidladi.Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidagi AKT yechimlarining Katta arxitektori Dmitriy Konarev Sun’iy Intellektning amaliy qo‘llanilishi va raqamli iqtisodiyot rivojiga ta’siri haqida taqdimot qildi.
Panel sessiyasida O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotni tartibga solish bazasi nuqtai nazaridan qurish va mamlakatda qulay investitsiya muhitini yaratish, aloqa operatorlari va davlat sektorining AKT infratuzilmasini modernizatsiya qilish va telekom sektorida innovatsiyalarni joriy etishga qo‘shgan hissasi, mamlakatning xalqaro hamkorlik va global tajribani o‘rganishga ochiqligi, shuningdek, mahalliy kompaniyalarni tashqi bozorlarga chiqishda qo‘llab-quvvatlash uchun platformalar yaratish borasida salmoqli yutuqlari qayd etildi.
Davlat tomonidan telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash raqamli iqtisodiyotni tezlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratishda muhim rol o‘ynaydi. "Kelajakda mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu Sun’iy Intellekt, bulutli xizmatlar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va 5G kabi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish orqali yagona raqamli ekotizimni yaratishdir."- dedi Raqamli texnologiyalar vazirligining telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi vakili Saidakbarxon Sotvoldiyev.
Panel sessiyasida raqamli iqtisodiyot va Sun’iy Intellekt tadqiqotlar markazining raqamli iqtisodiyotni tadqiq qilish bo‘yicha eksperti doktor Husanboy Ismoilov ham ishtirok etdi. Uning ta’kidlashicha, davlat tomonidan raqamlashtirishga tizimli e'tibor iqtisodiyot uchun kuchli multiplikativ ta’sir ko‘rsatadi. "Raqamli O‘zbekiston 2030 strategiyasini amalga oshirish kompleks yondashuvni nazarda tutadi: infratuzilmani rivojlantirish, bulutli xizmatlar va SI yechimlarini joriy etish, startaplar va IT-kompaniyalarning eksport salohiyatini qo‘llab-quvvatlash. Kelgusi yillarda raqamli iqtisodiyotning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi ulushi sezilarli darajada oshishini, yangi raqamli xizmatlar va platformalar nafaqat IT-sektorning, balki butun mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga turtki bo‘lishini kutmoqdamiz", - dedi Husanboy Ismoilov.Elektron hukumat doirasida bulutli ma’lumotlarni qayta ishlash xizmatlarining rivojlanishi raqamli iqtisodiyotga ta’sir qiladi, shu bilan birga xizmatlarning shaffofligi va samaradorligini oshiradi. Ushbu taraqqiyotning markazida davlat va xususiy tashkilotlarga o‘z faoliyatini tezroq va samaraliroq kengaytirish imkonini beruvchi mustahkam ma’lumotlar markazi infratuzilmasi yotadi. "Bugungi kunga kelib, davlat xizmatlari platformasi 700 dan ortiq xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi, natijada yaqin kelajakda rejalashtirilgan o‘sish 900 ga yetadi. Korxonalar va fuqarolar uchun raqamli hukumat ma’lumotlardan foydalanish, ariza berish va davlat xizmatlarini olish jarayonlarini ancha osonlashtirdi. Bundan tashqari, bizning ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarimiz tijorat sektori uchun bulutli xizmatlarni taqdim etadi, bu esa mijozlarga ilg‘or kengaytiriladigan yechimlardan foydalanish bilan birga o‘z infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi", dedi Asliddin Abdufattahov, O‘zbekiston Respublikasi raqamli hukumati loyihalarni boshqarish markazi ma’lumotlar markazi tizimlar monitoringi bo‘limi boshlig‘i.
Digital Uzbekistan 2030 strategiyasi va Uzbekistan Digital Economy Overview and Vision 2030 sharhida aks ettirilgan ustuvorliklar Huawei'ning bulutli xizmatlar va Sun’iy Intellektni rivojlantirish sohasidagi global qarashlariga to‘liq mos keladi. "Bulutli texnologiyalar va Sun’iy Intellektning sinergiyasi ishonchli bulutli infratuzilmani yaratish, raqamli hukumat, moliya sektori va telekom-operatorlari samaradorligini oshirish uchun aqlli yechimlarni joriy etish, shuningdek, kadrlar tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarga o‘qitish dasturlarini kengaytirish orqali maksimal samarani berishi mumkin", dedi Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidagi bulutli yechimlar va Sun’iy Intellekt bo‘limi direktorining o‘rinbosari Van Xuasin.IT Park Uzbekistan Osiyo bo‘limi Katta menejeri Umida Odilova bugungi kunda IT Park mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishda strategik rol o‘ynayotganini va "Raqamli O‘zbekiston 2030" strategiyasining maqsadlarini amalga oshirish ustida bevosita ish olib borayotganini ta’kidladi. "IT Park Uzbekistan xalqaro IT-biznes uchun misli ko‘rilmagan sharoitlarni taklif etadi — nol miqdoridagi soliqlar va tezkor ro‘yxatdan o‘tishdan tortib, iste'dodlarni qo‘llab-quvvatlash va eksportga qadar mamlakatni raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mintaqaning eng jozibali IT-markazlaridan biriga aylantiradi", dedi Umida Odilova.
Global Computing Consortium raqamli iqtisodiyotni tezlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Janob Roy Xu, GCC xalqaro bo‘limi direktori o‘z ma’ruzasida asosiy yo‘nalishlar haqida gapirdi: "Bulutli hisoblash va superkompyutingni yanada rivojlantirish, global tadqiqot va innovatsion loyihalarda ishtirok etish, aniq fanlar va sun’iy intellekt bo‘yicha ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, fintex, elektron axborot texnologiyalari hukumat, sog‘liqni saqlash va sanoat kabi sohalarda davlat va xususiy hamkorlikka asoslangan innovatsion hamkorlik – bularning barchasi O‘zbekistonning mintaqada raqamli innovatsiyalarning muhim markazi bo‘lishiga yordam beradi.»
ICTWEEK Uzbekistan 2025 doirasida Huawei Digital Economy Forum 2025 da 150 dan ortiq mehmon ishtirok etdi. Forum davlat organlari vakillari, yetakchi xalqaro va mahalliy kompaniyalar, raqamli texnologiyalar sohasidagi ekspertlar hamda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotining asosiy ishtirokchilarini birlashtirgan platformaga aylandi. 2024 yilda Xitoy AKT akademiyasi (CAICT) Raqamli iqtisodiyot tadqiqot markazi va Huawei kompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida O‘zbekiston tarmoqlari va raqamli iqtisodiyotini raqamlashtirish holatini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ish olib bordi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tavsiyalar va amaliy misollar bilan "Uzbekistan Digital Economy overview and Vision 2030" nomli Oq Kitob chop etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92512 | Инструменты