SSV Toshkent maktablarida niqob rejimi joriy etilgani haqidagi xabarni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda 30 oktyabrdan boshlab Toshkent shahridagi maktablarda tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq xabarlar tarqalmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bu borada izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu masala noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Avvalo, ularda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining shu yil 26 sentabrdagi qarori asos qilib ko‘rsatilyapti.

Hujjat sanasiga e’tibor bering: u sentabr oyida imzolangan. Aslida, har yili mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinadi.

Qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q. Agar guruhda kasallangan bolalar bo‘lsa, o‘sha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi.

Havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda bo‘lish maqsadga muvofiq.

Hujjatda aytib o‘tilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak», degan mutaxassis.

Shu ma’noda, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun mo‘ljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarurligi ta’kidlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103020 | Инструменты