Sog'liqni saqlash vaziri germaniyalik delegatsiya a'zolari bilan muloqot o'tkazdi
Avval xabar berganimizdek, Yevropaning nufuzli Robert Kox instituti (Germaniya)ning tajribali mutaxassislaridan iborat tibbiy guruh koronavirusga qarshi kurashda yurtimiz shifokorlariga yaqindan ko'mak berish va o'zaro tajriba almashish maqsadida O'zbekistonda bo'lib turishibdi.
Bugun Sog'liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev delegatsiya a'zolari bilan uchrashdi. Unda qatnashchilar o'z mamlakatlaridagi pandemiya sharoiti hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo'yicha ko'rilayotgan zarur chora-tadbirlar haqida fikr almashdi.
Delegatsiya tashrifi 29 oktyabrdan 12 noyabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Uning tarkibi Robert Kox institutining rahbar kadrlari hamda malakali epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist kabi tajribali mutaxassislaridan iborat.
Tashrif rejasiga ko'ra, germaniyalik shifokorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Samarqand viloyatidagi ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, koronovirusni tashxislash, nazoratga olish, onlayn maslahat, konsultatsiya, seminar-treninglar tashkil etish va bemorlarni davolashda bevosita qatnashib, mahalliy shifokorlar bilan birga hamkorlikda ish olib borishadi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, ushbu tashrif pandemiya davrida Robert Kox instituti mutaxassislarining O'zbekistonga bo'lgan birinchi tashrifi emas. Joriy yilning 23-28 avgust kunlari ham institut vakillari mamlakatimizda bo'lgan.
Unda nemis mutaxassislari tomonidan Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida bo'lib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda bevosita ishtirok etishgan edi.
Shu kunga qadar Rossiya, AQSH, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi davlatlardan ham ko'plab tajribali tibbiyot sohasi mutaxassislari O'zbekistonda bo'lishib, mahalliy shifokorlar bilan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlarida bevosita qatnashib, o'zaro tajriba almashshib kelishmoqda.
Germaniyalik mutaxassislarning mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51019 | Инструменты