So‘nggi besh yilda respublikada kiberjinoyatlar soni 11 barobarga o‘sib, 4 865 tadan 62 440 taga yetgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi maʼlum qildi.
2021–2025 yillar davomida ushbu jinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan moddiy zarar 3 trln 730 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shundan yarmi — 1 trln 890 mlrd so‘m — joriy yilning 11 oyi hissasiga to‘g‘ri keladi.
«Tan olish kerak, ilgari bu sohadagi jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha tajribamiz yetarli emas edi. Shu sababli xorijiy hamkorlarimiz bilan axborot va tajriba almashish, ularning yetakchi mutaxassislarini jalb etish hamda kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘ydik», — dedi IIV vazir o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ramazon Ashrapov.
Xususan, vazirlik akademiyasida «Raqamli texnologiyalar sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash» yo‘nalishi ochildi va joriy yilda qo‘shimcha ravishda 100 nafar kursant qabul qilindi.
Shuningdek, raqamli laboratoriya tashkil etildi. Fuqarolarning bank hisoblaridan noqonuniy ravishda mablag‘ yechib olishga qaratilgan, eng xavfli hisoblangan va ko‘plab fuqarolarga zarar yetkazgan 483 ta fishing dasturi aniqlanib, bloklandi.
Kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 2424 ta jinoyatni aniqlash natijasida respublika hududidan tashqariga 76 mlrd so‘m mablag‘ chiqarib ketilishining oldi olindi.
Bundan tashqari, jamoat tartibiga tahdid soluvchi, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitishni targ‘ib qiluvchi 3843 ta internet-resurs bloklandi, shuningdek 1508 ta zararli havola taqiqlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122318 | Инструменты