"Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?" tanlovi doirasida 80 minga yaqin yoshlar qamrab olindi

18- mart kuni Urganch shahri kasbiy ta‘lim muassasalari jamoalari o‘rtasida "Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?" ko‘rik tanlovining respublika bosqichi  bo‘lib o‘tdi. Unda 14 ta hududdan kelgan 140 nafar yoshlar 4 ta shart bo‘yicha bellashdi.

1- shart – “Bu bizning hudud” deb nomlandi. Unda ishtirokchi jamoalar o‘z hududlarining ekologik holati, eko va piknik madaniyati, hudud ekologiyasini yaxshilashga doir amalga oshirilayotgan ishlar hamda yoshlarining ekologiyaga bo‘lgan munosabatini ochib berishlari lozim edi. Bu talablarni bajarishlari uchun esa ularga 5 daqiqa berildi.

2- shart - “Intellektual ring”. Unda har bir jamoa ekologik, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi 10 ta savolga javob berishdi.

Keyingi shart esa tomoshabinlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otdi. Sababi jamoalar plogging, iqlim o‘zgarishi, daraxt ekish va kesish  hamda suv muammolari bo‘yicha ibratli sahna ko‘rinishlarni namoyish qilishdi.

Oxirgi “Eng yaxshi ekologik loyiha” shartida esa jamoalar ekologiya sohasini rivojlantirish, yosh ekologlar sonini ko‘paytirish,  bu sohaga  investitsiyalarni jalb qilish, ekologik salohiyatni kengaytirish bo‘yicha o‘z taklif va loyihalarini taqdim etishdi. Ular ichida avtomashinalarni yuvish shahobchalaridan chiqqan chiqindi suvlarni qayta ishlashdan tortib, hududlar iqlimidan kelib chiqib maxsus daraxtlarni ko‘paytirishgacha bo‘lgan loyihalar mavjud.

Kun bo‘yi davom etgan tadbirda ishtirokchi hamda tomoshibinlar zerikib qolmasligi uchun musiqiy tanaffuslar ham tashkil etildi. Unda Xorazmcha ko‘y qo‘shiqlar ijro qilindi. Bu esa yig‘ilganlar kayfiyatini ko‘tarib, tadbirning yana-da qiziqarli va unumdor bo‘lishiga xizmat qildi.

Tadbir yakunida hakamlar tanlovning respublika bosqichi g‘oliblarini eʼlon qilishdi. Unga ko‘ra qizg‘in, o‘ziga hos intrigalarga boy o‘tgan tanlovda 3-o‘rin va 5mln so‘mni Toshkent viloyati jamoasi, 2-o‘rin hamda 10 mln so‘mni Xorazm viloyati jamoasi qo‘lga kiritdi. Buxoro viloyati yoshlari Mutlaq g‘olib jamoa  deb   topildi. Ularga esdalik sovg‘alari bilan birgalikda 15 mln so‘m pul mukofoti ham topshirildi. 


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61310 | Инструменты