Huawei 2
Senat muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning holati yuzasidan hukumatga so‘rov yubordi

Xabaringiz bor, Senatning 51-yalpi majlisida Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning (METH) sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqilgan edi.

Xo‘sh, ushbu parlament so‘rovini yuborishga nima sabab bo‘ldi?

Mamlakat bioxilma-xilligi o‘ziga xos rang-barang va noyob hayvonot va o‘simlik dunyosiga ega. Hozirda respublika hududida 4400 dan ortiq oliy o‘simlik va 15 000 dan ziyod hayvonot turlari aniqlangan.

METHda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar (umurtqali) turlarining 83 foizi va o‘simlik turlarining 89 foizi qamrab olingan.

Shu bilan birga, METHda bioxilma-xillikni asrash, ularning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot olami vakillari kadastri yuritilishi sohasida ayrim hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar dolzarbligicha qolmoqda.

Turli tabiiy va antropogen omillar tufayli hayvonot va o‘simlik olami turlarining soni kamayib, yashash muhitlaridagi shart-sharoit yana-da keskinlashmoqda.

Inqirozga uchragan maydonlarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol va suv taʼsirida tuproq eroziyasi kuchayib, cho‘llanish va chang-to‘zonlarning hosil bo‘lishi ortib bormoqda.

2009-yilda nashr etilgan ikki jildli O‘zbekistonning Qizil kitobiga 184 ta hayvon turi va 304 ta o‘simlik turlari kiritilgan bo‘lsa, 2019 yilda chop etilgan Qizil kitobga mos ravishda 206  turdagi hayvonlar va 314  turdagi o‘simlik hamda zamburug‘lar kiritilgan. 

METHning biologik xilma-xilligi, degradatsiya jarayonlari va ularning xo‘jalik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari yetarli darajada olib borilmayapti.

Sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi bois malakali kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

Aynan ushbu sabab va omillar inobatga olingan holda hukumatga parlament so‘rovi yuborildi.

Parlament so‘rovi orqali hukumatdan qanday tushuntirishlar so‘ralgan?

So‘rovda mahalliy va respublika darajasidagi METH soni, yer maydonlari, shu jumladan, ulardagi yer-suv resurslari, o‘simlik va hayvonot dunyosining umumiy  holati, biologik xilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi masalasi ko‘tarildi.

Bundan tashqari, brakonyerlik, hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabandasi, o‘simlik dunyosi turlarining noqonuniy kesilishi, hududlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda biologik xilma-xillikning zamonaviy indikatorlarini ishlab chiqish, hayvonot dunyosi obyektlarini davlat kadastri, hisobga olish va boshqa maʼlumotlarni raqamlashtirish holati bo‘yicha izoh so‘raldi.

Shuningdek, METHda davlat nazoratini kuchaytirish, noqonuniy faoliyat, xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirish, chorva mollarini boqish kabi huquqbuzarlikka chek qo‘yish, yong‘in xavfsizligini kuchaytirish, yilning mavsumlarida hayvonlar maxsus oziqlanadigan joylarni tashkil etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham nazardan chetda qolmadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu parlament so‘roviga yuborilgan hukumat javobi Senat yalpi majlisida muhokama qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga