Huawei 1
Senat koloniyalarda kitob o‘qiydigan mahkumlar uchun jazo muddatini qisqartirishni maʼqulladi

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Qonun jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, ularning oila va jamiyatdan uzilib qolishini oldini olish, kitob o‘qishini rag‘batlantirish orqali qonunga itoatkor, maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgandir.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga mahkumlarning jazoni o‘tash muddati ular tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan,  Jinoyat kodeksi jazoni o‘tash muddatini shaxs tuzalish yo‘liga o‘tganligi munosabati bilan qisqartirishni nazarda tutuvchi 741-modda bilan to‘ldirilmoqda.

Bunda mahkumlar tomonidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tasdiqlangan, mahkumlarda to‘g‘ri maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan adabiyotlar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qisa va ushbu kitoblarni o‘qiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda jazoni o‘tash muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda ko‘pi bilan o‘ttiz kungacha Komissiyaning xulosasiga asosan sud tomonidan qisqartirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Ushbu norma faqat jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinishi nazarda tutilgan (umrbod ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlardan tashqari) shaxslarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Qonunchilikka kiritilayotgan ushbu o‘zgartirishlar bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan 13,5 mingdan ortiq mahkumlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Shu bilan birga, Qonun bilan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunga ham profilaktik hisobga olish asoslari maqbullashtirilishini hamda profilaktik hisobga olinadigan maʼmuriy huquqbuzarlik turlari ularning ijtimoiy xavflilik darajasi, xususiyati, kelgusida jinoiy qilmish sodir etilishi mumkinligi kabi mezonlardan kelib chiqqan holda belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 12810 va 131-moddalarida nazarda tutilgan, yaʼni yo‘l bezoriligi va transport vositalarini mastlik holatida boshqarganlik uchun sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarlik uchun sud tomonidan muayyan muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarni profilaktik hisobga olinishi alohida toifa sifatida belgilanmoqda.

2024-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan 11 mingga yaqin shaxs tomonidan 23 582 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari aniqlangan. Buning oqibatida 1 019 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, unda 295 nafar fuqaro vafot etgan va 873 nafari jarohatlangan.

Shu bois yo‘l-patrul xizmati xodimlariga profilaktika inspektorlari tomonidan ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi va bu orqali transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini barvaqt oldini olish va o‘z vaqtida aniqlash imkoniyatlari kengaytiriladi.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi mahkumlarni axloqan tuzatish, ularda jamiyat qoidalari va anʼanalariga nisbatan hurmatni shakllantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, profilaktik hisobga olingan shaxslar bilan olib boriladigan chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish orqali mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi..

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90502 | Инструменты