Samarqandda tabiatga 422 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) hamda Samarqand viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlarida Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Zarafshon daryosi o‘zanida tungi vaqtda qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olingani aniqlandi.

O‘rganishlar davomida daryo o‘zanidan noqonuniy tarzda qazib olingan noruda materiallar Urgut tumani va Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temiryo‘l liniyasi orqali, maxsus beton moslamalar o‘rnatilgan holda tashilgani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, mazkur materiallar keyinchalik ZARAFSHON PROPRIETY SERVICE MChJ hududiga joylashtirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik natijasida tabiatga 422 milliard 648 million 358 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarni belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, beton bo‘laklari temiryo‘lga qo‘yilganligi holati bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 17 yanvardagi 14-son farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. Ushbu cheklov suv havzalarini muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash hamda daryolarning tabiiy oqimi buzilishining oldini olishga qaratilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12916 | Инструменты