Samarqand viloyati IIB, viloyat DXX va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida buyurtma qotillik jinoyati oldi olindi.
Olingan maʼlumotlarga ko‘ra, 23 yoshli fuqaro Toshkent shahrida yashovchi shaxs bilan janjallashib qolib, uni o‘ldirishni maqsad qilgan va yollanma qotilni qidirish bilan shug‘ullangan.
Tezkor tadbirlar natijasida soxta yollanma qotil jalb qilingan. Aynan unga gumonlanuvchi 2200 dollar miqdorida mukofot vaʼda qilib, qotillikka buyurtma bergan.
Joriy yilning 27 yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchi soxta qotildan murda qiyofasida grim qilingan erkakning fotosuratlarini olgan va unga 2 ming AQSH dollarini bergan vaqtida u ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, qo‘lga olingan shaxs o‘zi ishlab kelayotgan MCHJning 1996 yilda tug‘ilgan rahbari Toshkent shahrida yashovchi qarindoshi bilan oldindan mavjud bo‘lgan nizolari hamda katta miqdordagi qarzi sababli qotil yollashga buyurtma bergani aniqlanib, mazkur shaxs ham qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan JKning 25-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) orqali 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Taʼkidlash joizki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etgan shaxs umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoga tortiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12914 | Инструменты