Samarqandda 150 o‘rinli “Imkon” reabilitatsiya markazi ochildi

Samarqandda “Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot yo‘lida” xalqaro sammiti doirasida “Imkon” markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, sammitda ishtirok etayotgan birinchi xonimlar va yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.

Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga kiruvchi markazda maktabgacha ta’lim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya xizmatlari birlashtirilgan. Har bir bola uchun uning individual ehtiyojlaridan kelib chiqib alohida dastur ishlab chiqiladi.

Markazning maktabgacha ta’lim bo‘limi 150 o‘ringa mo‘ljallangan. Unda 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 10 ta ixtisoslashtirilgan guruh tashkil etilgan. Ambulator bo‘limda esa 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan oyiga 100 nafarga yaqin bola reabilitatsiya kurslaridan o‘tishi mumkin.

Muassasada davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish, sensor integratsiya mashg‘ulotlari hamda fizioterapiya muolajalari o‘tkaziladi. Bu yerda yetti yo‘nalishdagi shifokorlar, logopedlar, psixologlar, defektologlar va reabilitatsiya mutaxassislari faoliyat yuritadi.

Samarqanddagi muassasa Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshonda faoliyat yuritayotgan “Imkon” markazlari tarmog‘iga qo‘shildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda ushbu tarmoq muassasalarida 546 mingdan ortiq muolaja va mashg‘ulot o‘tkazilgan, 3 777 nafar bola ambulator reabilitatsiyadan o‘tgan.

Hozirda Farg‘onada ham shunday markaz qurilishi boshlangan. Namangan va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida ham yangi muassasalar tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102311 | Инструменты