Huawei 1
Respublikadagi bozor va savdo komplekslarini sotish jarayoni hali boshlangani yo'q — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

So'nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi bozorlarning sotilishi haqida turli ma'lumotlar tarqatilmoqda. Chindan ham bozorlar sotilyaptimi? Bu savolga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi javob berdi.

"Avval ham ma'lum qilinganidek, joriy yil 27 oktyabrda Prezidentning “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xusususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda mamlakatimizdagi 500 dan ortiq bozor va savdo komplekslari alohida yondoshuv asosida isloh qilinishi haqida topshiriq bor. Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli vazirliklar, idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda bozor va savdo komplekslari boshqaruv tizimini takomillashtirish va ularni bosqichma-bosqich xususiylashtirish bo'yicha qaror loyihasini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatilgan.

Hozirgi kunda Agentlik tomonidan bozor va savdo komplekslarining moliyaviy ko'rsatkichlari va mulkiy masalalari o'rganilmoqda va qaror loyihasini tayyorlash bo'yicha ishlar olib borilyapti.

Yuqoridagilarga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarining sotilishi (xususiylashtirilishi) masalasida quyidagilarni ma'lum qiladi:

- bugungi kunda respublikadagi bozor va savdo komplekslarini sotish jarayoni xali boshlangani yo'q;

- bu jarayon O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori qabul qilingandan keyin, unda belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi;

- normativ hujjatlarni qabul qilish bo'yicha amaldagi tartibga asosan qaror loyihasi maxsus veb portalda jamoatchilik muhokamasiga qo'yiladi, bildirilgan fikr va mulohazalar, vazirlik, idoralar va mahalliy hokimliklarning takliflari fikr-mulohazalari eshitiladi;

-shu bilan birga soha mutaxassislari, xalqaro ekspertlar, mustaqil kuzatuvchilar, OAV vakillari va keng jamoatchilik ishtirokida davra suhbati ko'rinishida muhokama tashkil qilinadi, bu jarayon OAVda yoritiladi;

-muhokama natijalari asosida qayta ishlangan qaror loyihasi Adliya vazirligining yuridik ekspertizasi asosida Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;

bozor va savdo komplekslaridagi davlat ulushlarning savdolarga qo'yilishi, sotilishi va sotishdan keyingi monitoring jarayonlari qonunchilik talablari asosida Agentlik rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlari va OAVda doimiy ravishda yoritib boriladi.

Farmonda belgilanganidek, bundan asosiy maqsad ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ustav kapitalida davlat ulushi mavjud bo'lgan bozor va savdo komplekslarini zamonaviy ko'rinishga keltirish, sanitariya-gigiyena talablari darajasida saqlash, bozor faoliyati uchun zarur infratuzilmani shakllantirish hisoblanadi.

Barcha ommaviy-axborot vositalari vakillariga bozorlar va umuman xususiylashtirish bilan bog'liq boshqa masalalarda bizga murojaat qilishlarini so'raymiz. Barcha savollarga javob berishga tayyormiz. Bugungi kunda agentlikning 1082 kol-markazi 24/7 rejimida, 71 259-21-37 ishonch raqami ishlab turibdi. Shuningdek, Agentlik axborot xizmatining 71 259-20-90 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin" - deyiladi xabarda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61519 | Инструменты