Qo‘qonda 16 yoshli bola profilaktika inspektorini pichoqladi

Qo‘qonda 16 yoshli bola profilaktika inspektorini pichoqladi. IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov voqea tafsilotlarini e’lon qildi.

Unda keltirilishicha, 18-fevral kuni Qo‘qon shahri “Sadoqat” mahallasida yashovchi bolaning onasi A.Sh.mahalla profilaktika inspektori — katta leytenant Jahongir Mahmudovga qo‘ng‘iroq qilib, 16 yoshli, 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘li O‘.O‘.ning xulqida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilib, uyida oila a’zolari bilan janjallashayotgani hamda maktabga borishdan bosh tortayotgani haqida xabar bergan.

Profilaktika inspektori holatni o‘rganish maqsadida manzilga yetib borib, murojaatchi ayolga farzandining xulq-atvori haqida xizmat xonasida malakali inspektor-psixologni jalb etgan holda profilaktik suhbat o‘tkazish zaruratini tushuntirayotganida, uning farzandi O‘.O‘. inspektorning orqa tarafidan yaqinlashib, chalg‘ib turganidan foydalanib, qo‘lidagi oshxona pichog‘ini xodimning chap orqa beliga sanchib olgan.

Og‘ir jarohat olganiga qaramasdan, profilaktika inspektori zudlik bilan fuqaro O‘.O‘.ni jismoniy kuch ishlatgan holda zararsizlantirib, voqea joyiga yordamchi kuchlarni chaqirtirgan.

Ichki ishlar organlarining voqea joyiga yetib kelgan yordamchi kuchlari tomonidan xonadonda yashovchi fuqarolarning xavfsizligi to‘liq ta’minlanganidan so‘ng, profilaktika inspektori shifoxonaga yetkazilib, jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Birlamchi tekshiruvga ko‘ra, xodimga “ko‘krak qafasi chap orqa tomoni plevra bo‘shlig‘iga teshib o‘tgan jarohati, chap tomonlama gemopnevmatorks, tashqi va ichki qon ketish” tashxisi qo‘yilib, shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b” bandi (o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsga qasddan badaniga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21923 | Инструменты