Qo‘qon va Farg‘onada “opiy” va “gashish”ning katta partiyalari musodara qilindi

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Tojikistondan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaroning Qo‘qon shahridagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.

Natijada xonadon oshxonasidan 4 kg 572 gr “opiy” hamda 1 kg 58 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, unga tojikistonlik narkosavdogarlar WhatsApp messenjeri orqali yuborgan geolokatsiya asosida, muqaddam Dang‘ara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kg 980 gr “opiy” moddasi ham olindi.

Bundan tashqari, giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, isteʼmolga tayyor holatga keltirishda yordam bergan, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 1969 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgani aniqlandi. Uning xonadonidan ham 7 kg 226 gr “opiy” moddasi olindi.

Yana bir holatda Qo‘qon shahri hududida harakatlanayotgan 1980 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, unda muqaddam 34 ming AQSH dollariga sotib olingan 5 kg 22 gr “opiy” moddasi borligi maʼlum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddani sotgan 1985 yilda tug‘ilgan hamshahari hamda uning jinoiy sherigi bo‘lgan 1985 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Shuningdek, tojikistonlik fuqaroning O‘zbekiston tumanidagi xonadonidan 2 kg 362 gr “opiy” moddasi olindi.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda “Neksiya” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1992 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gr “gashish” moddasi borligi aniqlandi. Maʼlum bo‘lishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan Qo‘qon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan.

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 2000 yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gr “gashish” moddasini xaridorga 150 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10721 | Инструменты