O‘zbekiston TIV Afg‘onistonda o‘zbek tili qo‘llanilishi cheklanganini rad etdi

O‘zbek tilining Afg‘onistonda qo‘llanishiga cheklovlar joriy etilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov xabar berdi.

Qayd qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda shu mazmundagi xabarlar tarqalgach, Tashqi ishlar vazirligining masʼul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘langan.

«Afg‘onistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini qatʼiy taʼkidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi birodar o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etdi», deyiladi xabarda.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni «yagona standart asosida tartibga solish ishlari» olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, taʼlim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.

Taʼkidlanishicha, Afg‘oniston hukumati tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida «O‘zbek tili va adabiyoti» fakultetini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

TIV vakili so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek tilining xalqaro maydondagi nufuzi, undan keng va samarali foydalanish hamda ona tilimizni jahon hamjamiyatida munosib targ‘ib etish «O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir va doimiy eʼtibor markazimizda bo‘lib kelmoqda».

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10809 | Инструменты