Qarshi va Buxoro shaharlarida bozor rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda dehqon bozorlarining mansabdor shaxslari auksion orqali sotilishi kerak bo‘lgan savdo nuqtalarini shaxsiy moddiy manfaatdorlik evaziga, fuqarolarga noqonuniy ravishda sotish bilan shug‘ullanib kelayotganlik holatlari aniqlandi.

Jumladan, Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi dehqon bozori raisi va nazoratchisi o‘zaro til biriktirib, bozor hududida yangi qurilgan, 110 m2 maydondagi savdo do‘konini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, undan 80 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa Buxoro shahridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji sotiladigan bozor rahbari va ish yurituvchisi o‘zaro til biriktirib, bozor hududida yengil konstruksiyali savdo do‘koni qurib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun 120 m2 yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 11 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30512 | Инструменты