Poytaxt aeroportida Dubaydan uchib kelgan yo‘lovchi 10 dona "Iphone 16"ni O'zbekistonga olib kirmoqchi bo'ldi

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari mobil qurilmalar va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib kirilishiga doir bir nechta urinishlarni bartaraf qilishdi.

Poytaxt aeroportida Dubaydan uchib kelgan yo‘lovchi 10 dona “Iphone 16” rusumidagi mobil qurilmalarni qadog‘i va aksessuarlarisiz olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qolindi. Bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan mazkur smartfonlarning umumiy qiymati 162 million 500 ming so‘mni tashkil qilmoqda.  

Xuddi shunday holat Abu Dabidan qaytgan yo‘lovchilardan biri bilan ham sodir bo‘ldi. Ushbu yo‘lovchi ham quti va qadoqlari olib tashlangan holatda qiymati 390 million so‘mlik 24 dona “Iphone 16” rusumli telefonlarni olib kirishni ko‘zlagan ekan.  

Maʼlumot o‘rnida aytish joiz, amaldagi tartiblarga ko‘ra respublikamizga olib kirilayotgan mobil qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart.  

Havo yo‘llari orqali kirib kelishda jismoniy shaxslar o‘z ehtiyojlari uchun 2000 AQSH dollarigacha qiymatdagi tovar-moddiy boyliklarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishlari mumkin. Bunda ayrim tovarlarning cheklangan meʼyorlari mavjud. Masalan, qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metalldan ishlangan zargarlik buyumlaridan 65 gr.gacha olib kirishga ruxsat etiladi.  

Ammo, Goadan uchib kelgan yo‘lovchilardan birini ushbu meʼyorlar qoniqtirmagan ko‘rinadi. Ushbu shaxs olmos toshlari bilan bezatilgan 515 gr og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashil yo‘lak orqali olib o‘tayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Mazkur zargarlik buyumlarining umumiy qiymati esa 700 million so‘mdan oshmoqda.  

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Toshkentda 29 ta “iPhone”ni noqonuniy olib o‘tayotgan shaxs ushlangani haqida xabar bergan edik.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40515 | Инструменты