O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining taniqli namoyandasi, mamlakatimizning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam O‘rmonovich Ahmedov shu yil 12-oktyabr kuni 82 yoshida vafot etdi.
R.Ahmedov 1943-yil 10-noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng dastlab Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida, keyin Moskva shahridagi Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasida ta’lim oldi.
Butun hayotini harbiy sohaga bag‘ishlagan R.Ahmedov tank polkida vzvod komandiri, tank diviziyasi siyosiy bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi, tank diviziyasi bataloni komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurti kursantlar bataloni komandirining o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilib, shaxsiy tarkibni boshqarish, uning harbiy, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini oshirish borasida yetarli bilim va tajriba orttirdi.
Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik va Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan yillarida uning tashkilotchilik qobiliyati yaqqol namoyon bo‘ldi.
Vatanimiz istiqlolga erishganidan so‘ng R.Ahmedov O‘zbekiston Respublikasining mudofaa vaziri, ayni vaqtda birmuncha muddat Milliy gvardiya qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi sifatida faol ish olib borib, milliy armiyamizni shakllantirish, davlatimiz mudofaa tizimini barpo etish, harbiy kadrlarni tayyorlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Mudofaa vazirligining Bosh shtabi qayta tashkil etilib, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabiga aylantirildi, harbiy okruglar tuzildi, harbiy qismlarning joylashuv va boshqaruv tizimi takomillashtirildi. Mudofaa vazirligining boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
R.Ahmedov 1997–1998-yillarda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham samarali faoliyat olib bordi.
Faxriy general, ulug‘ yoshda bo‘lishiga qaramasdan, Yangi O‘zbekistonda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligini oshirish borasidagi ulkan islohotlarni amalga oshirishda mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida o‘zining boy bilim va tajribasi bilan faol ishtirok etdi. Qaysi lavozimda xizmat qilmasin, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, o‘z zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat va sharaf bilan bajardi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda shaxsiy namuna ko‘rsatdi.
R.Ahmedovning harbiy sohadagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U O‘zbekiston Respublikasining II darajali “Shon-sharaf” va “Do‘stlik ordenlari bilan mukofotlandi.
Taniqli harbiy qo‘mondon, samimiy va kamtarin inson Rustam Ahmedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, V. Maxmudov, Sh. Xalmuxamedov
Alpha version: 0.9.1.19 build 101318 | Инструменты