Huawei 1
Oziq-ovqat chiqindilari va ularning atmosferaga salbiy ta'sirini kamaytirish choralari ko‘riladi

"Umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga ta'sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida" Vazirlar Mahkamasining 589-sonli qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish va isrofgarchilikka qarshi "Oqilona iste'mol" ("Save food") dasturi amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ma'lumot uchun, "Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida"gi qonunning 31-moddasiga muvofiq, belgilangan normadan yuqori darajada ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini oqizib yuboruvchi yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar oqova suvlarni lokal tozalash inshootlarida birlamchi tozalash ishlarini bajarishi lozim. Shuningdek, me'yordan ortiq ifloslangan oqova suvlarni hosil qiluvchi obyektlar oqova suvlar tarmoqlariga ulanishi uchun ularda oqova suvlarni belgilangan normaga qadar tozalashni ta'minlaydigan lokal tozalash inshootlari bo‘lishi kerak.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab oziq-ovqat chiqindilarini kompostlash orqali qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda organik o‘g‘itlarni qo‘llash tizimi kengaytiriladi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalaridagi oqova suv tizimlariga yog‘-moy tutgich uskunalarni o‘rnatish orqali chiqindi yog‘-moylardan ikkilamchi xomashyo ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil 1-iyuldan esa umumiy ovqatlanish korxonalarida har oyda bir marta yog‘-moy tutgich uskunalarining texnik xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni chiqindi yog‘-moylardan tozalash, bu chiqindi yog‘-moylarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish ta'minlanadi. Umumiy ovqatlanish korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlarini pishirish uchun gaz ta'minoti, ular bo‘lmaganda yog‘och yoki tayyor ko‘mirdan foydalanishda atmosfera havosini ifloslantiruvchi moddalar va hidlarni ushlab qoluvchi qurilmalarni o‘rnatish choralari ko‘riladi. 

Shu bilan birga, 2026-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalarining atmosfera havosiga salbiy ta'sirini kamaytirishga oid talablar belgilanadi, shaharsozlik normalari va qoidalariga umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘rnatiladigan ventilyatsiya va havo filtrlash qurilmalari uchun alohida talablar kiritiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2026–2030-yillar "Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri" deb e'lon qilinadi. Bunda to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar belgilangan tartibda o‘tkazilishi qat'iy nazoratga olinadi. Qolaversa, isrofgarchilikning oldini olish, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanish kerakligi targ‘ib qilinadi. Oziq-ovqat chiqindilarining qayta ishlash korxonalariga topshirilishi ta'minlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92101 | Инструменты