Huawei 1
O'zbekistonda suvdan samarali foydalanish qonun bilan mustahkamlanmoqda

Joriy yilning 29-mart kuni Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvdan oqilona foydalanishni taʼminlash, suv obyektlarining holatini yaxshilash, shuningdek, suvga doir munosabatlar sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Qonun bilan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga hamda O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi irrigatsiya bo‘limlari hamda maxsus xizmatlar negizida tashkil etilgan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalarining vazifalari va vakolatlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga suv isteʼmolchilari uyushmalariga, shuningdek, boshqa suvdan foydalanuvchilarga va suv isteʼmolchilariga – tuman ahamiyatiga molik suv obyektlaridan, shu jumladan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan suv isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tomonidan berilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa suv isteʼmolchilarining qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi vazirligi, shuningdek, irrigatsiya tizimlari havza va hududiy qishloq xo‘jaligi boshqarmalari tomonidan ishlab chiqilishi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovlar bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokamalar yakunida ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan senatorlar hamda majlis ishtirokchilari tomonidan qator fikr-mulohazalar bildirilib, Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga