O'zbekiston nodavlat telekanallari yangi #birgakurashamiz chellenjini ishga tushirdi
O'zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O'zEOAVMA) COVID-19 koronavirusining tarqalishiga qarshi kurashda mamlakatimiz fuqarolarining ruhiy bardamligini ko'tarish maqsadida keng qamrovli #birgakurashamiz #вместепобедим) xeshtegi ostidagi yangi umumxalq chellenjni ishga tushirmoqda.
Chellenj doirasida o'zbekistonliklar telekanallarning elektron va ijtimoiy tarmoqdagi manzillariga karantin davrida bo'sh vaqtni qanday o'tkazayotganlari, bolalariga qay yo'sinda ta'lim-tarbiya berayotganlari haqidagi videolavhalarini yuborishlari kerak bo'ladi. Bu chellenjda barcha ishtirok etishi mumkin.
«Biz butun xalqimizni har qanday vaziyatda hamjihat bo'lishga, bir-birimizni qo'llab-quvvatlashga chaqiramiz. Yurtdoshlarimiz ulashayotgan videolavhalar birdamlik muhitini mustahkamlashga yordam beradi” – deydi O'zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxalikov.
Bundan tashqari barcha telekanallar tomonidan koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining, huquq-tartibot idoralari vakillarining fidokorona harakatlari aks ettirilgan lavhalar namoyish qilinadi.
Qayd etish o'rinliki, mavjud vaziyat talablaridan kelib chiqib, milliy telekanallarimiz o'z dasturlariga muayyan o'zgartirishlar kiritishgan.
«UZREPORT TV telekanali aholini epidemiologik vaziyat va COVID-19ga qarshi kurashish jarayonlaridan muntazam xabardor qilib turish maqsadida maxsus teleko'rsatuvlar dasturini joriy qilgan” – deydi mazkur telekanal rahbari Ravshan Djurayev.
«MY5 telekanali karantin davrida oliy o'quv yurtlari talabalari uchun televizion darslar va o'quv ko'rsatuvlarini uzatishni yo'lga qo'ydi. Bu dasturlar yoshlarga o'quv jarayonidan uzilib qolmasliklari uchun katta yordam beradi. Shu bilan birga, odamlar uyda, masofadan turib qanday ishlayotganini ko'rsatuvchi maxsus dasturlar ham tayyorlayapmiz”, - deydi telekanal direktori Qobuljon Axmedov.
«ZO’R TV telekanali «O'zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik» xayriya fondiga qo'shimcha mablag'larni jalb qilish maqsadida ijtimoiy roliklar namoyish qilmoqda. Shuningdek, taniqli tadbirkorlar, madaniyat va san'at arboblari ishtirokida karantinni qay tartibda o'tkazish haqida tavsiyalarni o'z ichiga olgan ko'rsatuv va roliklar ham berib borilmoqda. 23 martdan boshlab kechki soatlarda Milliy Gvardiya, Davlat bojxona qo'mitasi, Davlat soliq qo'mitasi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa idoralar xodimlari ishtirokida «Daxldorlik tuyg'usi» ko'rsatuvi namoyish qilinyati», - deydi telekanal direktori Muzaffar Mirzaxmedov.
«Biz butun dunyo koronavirusga qarshi qanday kurashayotgani haqida xabarlar tasmasini ishga tushirdik. Shuningdek, o'zbek va jahon yulduzlari, taniqli insonlarning aholini karantin davrida uyda o'tirishga da'vat etadigan chiqishlari ham namoyish etilmoqda” deydi Sevimli telekanali direktori Jalollidin Safoyev.
«Milliy TVda koronavirus profilaktikasi haqida roliklar uzatila boshlandi. Boshqa telekanallar singari biz ham “O'zbekkino tuhfasi”, “Uy kinoteatri” aksiyalari doirasida milliy filmlarimizni namoyish etib boryapmiz” – deydi ushbu telekanal bosh direktori Mamanbiy Omarov.
«Biz assotsiatsiyamizga a'zo bo'lgan barcha telekanallar, radiostansiyalar, kabel televideniyesi studiyalariga koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashda ko'rsatilayotgan faol fuqarolik pozitsiyasi uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz” deydi O'zEOAVMA rahbari Firdavs Abduxalikov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42823 | Инструменты