Ov qilish va ovchilik xo'jaligi sohasining huquqiy asosi takomillashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibi qonun ijodkorligi jarayonlariga kirishib ketdi. Ayni paytda parlament quyi palatasi qo'mitalarida bir qancha qonun loyihalari birinchi va ikkinchi o'qishlarga tayyorlanmoqda.
Xususan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo'mitasi a'zolari Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan «Ov qilish va ovchilik xo'jaligi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ikkinchi o'qishga tayyorlash yuzasidan muhokamalar o'tkazmoqda.
Muhokamalar jarayonida, deputatlar tomonidan qonun loyihasining ayrim moddalari yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar berildi. Jumladan, qonun loyihasidagi aholi punktlari hududlaridagi suv ob'ektlarida ov tartibi qanday amalga oshirilishi, «o'lja olish....» degan jumlasi qizg'in bahs munozaralarga sabab bo'ldi. Shuningdek, «ilmiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun ov qilish» jumlasida «ilmiy» va «nazorat ishlarini» alohida moddaga ajratish taklif qilingan bo'lsa, ovchilik minimumini topshirish tartibi va shartlari, umumiy foydalanish tartibida baliq ovlash cheklanib qolmaydimi, ov qilish tartibiga ko'ra, 5 kg dan ortiq baliq tutish qaysi normalar bilan tartibga solinadi mazmunidagi savollar o'rtaga tashlandi.
Ishchi guruhi qonun loyihasining har bir moddasini sinchkovlik bilan ko'rib chiqib, qator o'zgartishlar kiritmoqda. Xususan, g'ayriqonuniy ov qilish (brakonerlik) masalasi aks etgan moddaga ov qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarsiz ov qilish jumlasidan so'ng “bundan tabiiy suv havzalarida baliqlarni umumiy foydalanish tartibida ovlash mustasno” kabi aniqlashtiruvchi norma kiritilmoqda. Bu bilan aholi tomonidan tabiiy suv havzalarida baliqlarni umumiy foydalanish tartibida ovlash g'ayriqonuniy ov qilishga kirmasligi belgilab qo'yilmoqda.
Qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50519 | Инструменты