“O‘zbekiston temir yo‘llari”ga qarashli vokzallar, stansiyalar, razyezdlar nomlari davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilmoqda. Vazirlar Mahkamasi 17 oktyabr kungi tegishli qarorni qabul qilgan.
Hujjatga ko‘ra, Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” 3 oy muddatda temir yo‘l vokzallari, temir yo‘l stansiyalari va temir yo‘l razyezdlarida o‘rnatilgan peshlavhalar va axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvida yozilishini taʼminlashi lozim.
Nomlarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar hamda maʼlumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Nomi davlat tili qoidalariga moslashtiriladigan obyektlar ro‘yxatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi jami 320 ta vokzal, stansiya va razyezdlar kiritilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102013 | Инструменты