O‘zbekistonda nodavlat OTMlar faoliyatini litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining «Respublikada nodavlat taʼlim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 403-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari quyidagilardan iborat:
- talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy taʼlim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi.
- talabgor tomonidan nodavlat oliy taʼlim tashkilotining taʼlim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan moddiy-texnik baza, dasturiy taʼminotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondi (ustav kapitalini) 2 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiradi. Keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi;
- Talabgor tomonidan 350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi;
- Tashkil etilayotgan oliy taʼlim tashkilotining taʼlim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin;
- Oliy taʼlim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur taʼlim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiradi.
Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026 yil 1 yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70322 | Инструменты