Huawei 1
“O‘zbekiston iqtisodiy kelajagiga optimistik qaraydi” —  Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari

O‘zbekiston yangi global beqarorlik va jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklarga qaramay, islohotlarga sodiq qoladi. Bu haqda iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov 5-may kuni Milanda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot bankining 58 yillik yig‘ilishi ochilishida aytib o‘tdi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yilda boshlangan islohotlar mamlakatga jiddiy tashqi ta’sirlar — COVID-19 pandemiyasi, geosiyosiy beqarorlik, jahon iqtisodiyotidagi savdo tangliklari va tashqi bozorlardagi tebranishlarni yengish imkonini berdi.

“Murakkab, ammo hayotiy muhim makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi kuchli rahbariyat va siyosiy iroda tufayli 2018-yildan buyon YIMimiz ikki baravar ko‘payib, 2024-yilda 115 milliard dollarga yetdi, aholi jon boshiga YIM hajmi esa 3 ming dollardan oshdi”, — dedi u.

Norqulov bu yutuqlar xalqaro hamkorlar, ayniqsa, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonga rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari uchun 5,4 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan Osiyo taraqqiyot banki bilan yaqin hamkorlik tufayli erishilganini ta’kidladi.

“Biz OTBdan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, ekologik o‘tish va islohotlar dasturlarini tayyorlash va amalga oshirishda institutsional salohiyatni oshirish sohalarida ham muhim texnik yordam oldik”, — dedi u.

OTBning 2024−28 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston mamlakatni yanada barqaror, inklyuziv va yashil iqtisodiyotga aylantirish bo‘yicha umumiy g‘oyaga erishish uchun bank va boshqa manfaatdor tomonlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50617 | Инструменты