Migratsiya agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonlik yuk tashuvchilarni ogohlantirdi

Migratsiya agentligi Rossiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik xalqaro yuk tashuvchi haydovchilarga murojaat qildi.

2025-yil holatiga ko‘ra, Rossiyada amalga oshirilayotgan xalqaro avtoyuk tashuvlarining 25% ga yaqini o‘zbekistonlik haydovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Biroq migratsiya qoidalariga amal qilmaslik oqibatida ko‘plab fuqarolar Rossiya IIOlarining “kirishi man etilgan shaxslar” ro‘yxatiga tushib qolmoqda.

Agentlik har bir yuk avtomobili haydovchi qatʼiy rioya qilishi shart bo‘lgan qoidalarni keltirdi. Jumladan:

  • chegaradan o‘tish vaqtida migratsion kartani aniq va to‘g‘ri to‘ldirish (maqsad grafasida — “turizm” emas, “slujebnaya” yoki “tranzit"ni ko‘rsatish);
  • Rossiyaga kirgandan so‘ng 15 ish kunida migratsiya ro‘yxatiga qo‘yilishi lozim (odatda qabul qiluvchi tashkilot yoki ish beruvchi amalga oshiradi);
  • 90/365 muddatini doimiy ravishda nazorat qilish (yaʼni 365 kunlik davrda 90 kundan ortiq qolib ketmaslik);
  • transport vositasi buzilishi yoki boshqa fors-major holat yuz bersa, rasmiy akt yoki dalolatnoma olish;
  • har bir harakat faqat rasmiy hujjat bilan asoslanilishi.

Qo‘shimcha qilinishicha, takroriy huquqbuzarliklar 3−10 yil muddatga mamlakatga kirish taqiqini keltirib chiqaradi.

Agentlik xatolik kuzatilsa, Rossiya IIOlariga yozma ariza bilan murojaat qilish, hujjatlar orqali safarning haqiqiy maqsadini isbotlash kerakligini qayd etdi. Agar fuqaro “kirishi taqiqlanganlar” ro‘yxatiga tushgan bo‘lsa, apellyatsiya orqali undan chiqarishni talab qilishi mumkin.

Muammoli holatlarda Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasiga +7 925 045 4744 telefon raqamlari orqali murojaat qilish tavsiya etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102016 | Инструменты