“Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi va multfilmlari taqdimoti

Adliya vazirligi tomonidan Konstitutsini keng aholi qatlamiga, ayniqsa, oʻquvchi yoshlarga oddiy va sodda tilda tushuntirish maqsadida “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi hamda huquqiy multfilmlar keng jamoatchilikka taqdim etildi.

Tadbirda Konstitutsiyada belgilangan boshlangʻich huquqiy normalarni oʻquvchi yoshlarga targʻib qilish, ularni Konstitutsiyaga hurmat ruhida tarbiyalash hamda huquqiy savodxonligini yanada oshirish maqsadida “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi hamda huquqiy multfilmlar taqdimoti oʻtkazildi.

Ushbu loyiha asosida Konstitutsiya birinchi marta bolalar uchun sodda va tushunarli tilga oʻgirildi.

“Konstitutsiyaga sayohat” — Bosh qomusimizdagi normalarni bola tilidan tushuntiruvchi interaktiv kitob hamda 40 seriyali multfilmdan iborat. Loyiha yoshlarni  Konstitutsiyaga hurmat ruhida tarbiyalash hamda huquqiy savodxonligini yanada oshirishga qaratilgan. Undagi moddalar sodda tilda, bolalar uchun tushunarli tarzda hamda qiziqarli qahramonlar tilidan hikoya qilinadi.

Konstitutsiyaning deyarli har bir moddasi oddiy va tushunarli sharhlar asosida ochib berilgan.

Ushbu loyihadan koʻzlangan maqsadyosh avlodni bolalikdan huquqiy bilimlarini mustahkamlash, muammo va turli vaziyatlarga yechim topa oladigan huquqiy ongi va dunyoqarashi yuksak avlodni tarbiyalashdan iborat. Endilikda, bolalar tiliga oʻgirilgan Konstitutsiya qoidalari kitobi va multfilmlar maktabgacha taʼlim va maktab yoshidagi bolalarga foydali boʻladi, maktablarda Huquq darslarida qoʻllaniladi va Konstitutsiya normalarini maktab yoshidagilarga oʻrgatishda muhim dasturulamal boʻladi.

 

Mazkur tadbirda Adliya vazirligi, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vazirligi, Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi rahbari, OAV hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik hamda odob-axloq normalarini chuqur singdirib borish, Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan boshlab oʻrgatishning ahamiyati, bu orqali yuksak huquqiy ongni shakllantirish kelajakda oʻz huquqini, burchlari, vazifalarini puxta biladigan va shunga mutanosib huquqiy demokratik davlatni rivojlantiradigan avlodni tarbiyalashda zamin boʻlishi haqida muhim fikrlarni bildirib oʻtdi.

Tadbir davomida bolalarga huquqni sodda tilda tushuntirishga qaratilgan qator yangi loyihalar haqidagi videoroliklar hamda “Konstitutsiyaga sayohat” multfilmining 1-qismi namoyish etildi.

Shu bilan birga “Konstitutsiyaga sayohat” interaktiv kitobi ming nusxada Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vazirligiga topshirildi.

Tadbir yakunida yigʻilganlar tomonidan loyiha haqida iliq fikrlar bildirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120616 | Инструменты