Qoraqalpog'istonda ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasi tashkil etilmoqda

Sifatli tibbiy xizmat, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega mutaxassisga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasining tashkil etilishi Orolbo‘yi uchun muhim ahamiyatga ega. Akademiya Orolbo‘yining ekologik, demografik va tibbiy xususiyatlarini inobatga olib, tibbiyot xodimlarini xalqaro standartlar asosida, raqamli va amaliyotga yo‘naltirilgan usulda tayyorlashga ixtisoslashadi.

Akademiyaning quvvati:

  • yiliga 3 ming nafar shifokor;
  • 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmasevtika xodimi malakasini oshirish;
  • Orolbo‘yidan 100 nafarga yaqin klinik ordinator tayyorlash.

Uzoq hududlardan keladigan mutaxassislar uchun 72 o‘rinli mehmonxona ham tashkil etilgan. Akademiyada nazariyadan ko‘ra amaliyotga yaqinlashtirilgan ta’limga alohida e’tibor berilmoqda. 8 ta simulyasion xonada 50 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha raqamli va simulyasion ta’lim yo‘lga qo‘yilib, 100 dan ziyod tibbiy amaliyot bo‘yicha xalqaro standartlar asosida tayyorgarlik ko‘rish imkoni yaratilgan.

Yana bir e’tiborli jihat — akademiyada “Edge Medical” jarrohlik roboti o‘rnatilgan. U simulyasion mashg‘ulotlardan tashqari real klinik sharoitda masofaviy operatsiyalarni yuqori aniqlikda bajarish imkonini beradi. Akademiyaning faoliyati ta’lim bilan cheklanmaydi. Bu yerda ilm-fan, klinik amaliyot va raqamli texnologiyalar o‘zaro uyg‘unlashtiriladi.

Xususan, Orolbo‘yi ekotizimining aholi salomatligiga ta’siri, respirator va onkologik kasalliklar, xavfsiz ichimlik suvi, nutrisiologiya, reproduktiv salomatlik va ekologik epidemiologiya kabi hudud uchun dolzarb yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Pittsburg va Frayburg universitetlari kabi xorijiy ta’lim va tibbiyot markazlari bilan hamkorlik, xalqaro o‘quv kurslari, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, telemedisina va raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Akademiyaning asosiy vazifasi — shunchaki zamonaviy ta’lim berish emas. Orolbo‘yi uchun zamonaviy bilimga ega mutaxassis tayyorlash, uni real klinik holatga kirishidan oldin xavfsiz muhitda sinash va ilg‘or tibbiy tajribani hududga olib kirish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91912 | Инструменты