Bugun O‘zbekiston Oliy sudi Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti sobiq rahbari Komil Allamjonov atrofidagi yetti nafar fuqaroning shikoyatini taftish tartibida ko‘rib chiqdi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oliy sudda taftish tartibida ko‘rilayotgan MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda ayblangan B. Yoqubov va boshqalar (jami 7 kishi)ga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud qarori eʼlon qilindi.
Eʼlon qilingan sud qaroriga ko‘ra maʼmuriy huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillar yetarli bo‘lmaganligi sababli, B. Yoqubov, S. Sidikov, A. Qurbonmurodov, A. Tashov, A. Salimov, J. Turg‘unov va X. Zufarovga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish MJtKning 271-moddasi 1-bandiga asosan tugatildi.
Ish yuzasidan surishtiruv harakatlarini olib borishda huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillarni to‘plash choralarini ko‘rmagan IIB xodimiga nisbatan Ichki ishlar vazirligiga, shuningdek ishni sudda ko‘rib chiqishda huquqbuzarlik hodisasini tasdiqlovchi dalillar yetarli emasligiga eʼtibor bermagan sudyalarga nisbatan Sudyalar malaka hayʼatiga xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirildi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Komil Allamjonovga nisbatan suiqasdga oid jinoyat ishi doirasida 10 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40505 | Инструменты