Joylardagi ta'mirtalab 3 ta maktab 2022-yil Investitsiya dasturi manzilli ro'yxatiga kiritiladi
Ma'lumki, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida xalq ta'limi sohasini isloh qilish, yoshlarimizning ta'lim-tarbiya olishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, umumta'lim maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash yuzasidan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Shu asosda senatorlar joylarga chiqib, mavjud vaziyatni o'rganishmoqda. Xususan, o'tgan oyda Toshkent viloyati O'rtachirchiq tumani aholisi bilan uchrashuvlar o'tkazishdi. Shu jarayonda tumanning “O'choqli”, “Yangi turmush” va “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig'inlari aholisi murojaat qilib, shu hududlardagi maktablarni ta'mirlashda amaliy yordam so'rashgan edi. Ko'rsatilgan manzillardagi maktablar zudlik bilan o'rganildi. Chindan ham bu ta'lim muassasalari bugungi talabga umuman javob bermasligi aniqlandi.
Ushbu holatlardan kelib chiqib, Xalq ta'limi vaziriga: “Sizdan Toshkent viloyati O'rtachirchiq tumanidagi “O'choqli” MFYda joylashgan 38-maktabning eski binosi o'rnida yangi 120 o'rinli maktab binosini qurish, “Yangi turmush” MFYdagi 50-maktabning bo'sh turgan binosi va “Taraqqiyot” MFYda joylashgan 20-maktabni kapital rekonstruksiya qilish maqsadida 2022 yilga mo'ljallangan investitsiya dasturiga kiritish choralarini ko'rishingizni va natijalari haqida 15 kun muddatda ma'lumot taqdim etishingizni so'rayman” mazmunida senator so'rovi yuborildi.
Belgilangan muddatda xalq ta'limi vazirligidan javob xati keldi. Unda senator so'rovida keltirilgan maktablardagi mavjud holat o'rganib chiqilgani, bu ta'lim muassasalari haqiqatdan ham ta'mirtalab ahvolda ekani ma'lum qilingan. Jumladan, unda shunday deyiladi: “Haqiqatdan, mazkur umumta'lim maktablarining bittasida (50-sonli) dars jarayonlari 2 navbatda (smena) tashkil etilgan, qolgan 2 tasining (20 va 38-sonli) mavjud binolari uzoq yillardan beri mukammal ta'mirlanmagani bois bugungi kundagi holati talab darajasida emas”.
Javob xatida bu umumta'lim maktablarini ta'mirlash 2022 yil Investitsiya dasturi manzilli ro'yxatiga kiritilishi vazirlik tomonidan nazoratga olinishi ma'lum qilingan.
"Qolaversa, vazir bu kabi ishlar uchun ko'p mablag' talab etilishidan kelib chiqib, bizning faoliyatimiz bilan bog'liq ayrim takliflarni ham ilgari surgan. Xususan, Davlat byudjeti to'g'risidagi qonunning qabul qilinishi hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini tasdiqlashda, shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida imkon qadar xalq ta'limi muassasalari uchun ko'proq mablag' yo'naltirilishida yordam berishimizni so'ragan. Tabiiyki, bu taklifni qo'llab-quvvatlaymiz. Zero, bugun ana shu muassasalarda Vatanimiz kelajagi uchun mas'ul bo'lgan yosh avlod ta'lim-tarbiya olmoqda. Demak, mazkur yo'nalish uchun har qancha mablag' ajratsak arziydi.
Shuningdek, senatorlik so'rovi orqasidan unda ko'tarilgan muammo hal bo'layotganidan tashqari, yangi taklif va g'oyalar yuzaga chiqmoqda. Shunday ekan, biz bundan keyin ham senator so'rovi instituti imkoniyatidan yanada samarali foydalanishga, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlashga astoydil harakat qilamiz" - deb ta'kidladi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42420 | Инструменты