“O‘zgidromet” maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu hafta boshidan O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kuchayadi.
Jumladan, 16-17 iyunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 17-19 iyunda O‘zbekistonning qolgan hududlarida havo harorati kunduz kunlari 40-42 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda, baʼzi joylarda 43-44 darajagacha ko‘tariladi.
Xo‘sh, bunday ob-havo sharoitida qanday tavsiyalarga amal qilishi lozim?
Jazirama kunlarda, eng avvalo, bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar o‘z sog‘ligiga yana-da eʼtiborli bo‘lishlari zarur.
Soat 10:00 dan 17:00 ga qadar soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi.
Tashqariga chiqish lozim bo‘lsa, tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan bo‘lgan liboslar va yengil bosh kiyim kiyish hamda quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish maqsadga muvofiq.
Issiq havoda kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish lozim. Biroq past haroratdagi salqin ichimliklarni ichishdan tiyilish kerak.
Gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva isteʼmol qilmaslik zarur. Yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko‘proq meva-sabzavotlar isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlaydi.
Quyosh urishi — eng xavfli holat bo‘lib, jabrlanuvchida ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi, qusish, burundan qon ketishi, quloqlarda shovqin, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, yurak urishi va nafas olish kuchayadi. Hatto, ayrim paytlarda tutqanoq tutish, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi va bemor hushini yo‘qotishi mumkin.
Bunday paytda uni, eng avvalo, salqin joyga ko‘chirib o‘tkazish lozim. So‘ng gorizontal holda yotqizib, oyoqlarini sal ko‘tarish, kiyimlarini yechish, yuzini sovuq suvda yuvish va biror xo‘llangan matoni yurak sohasiga qo‘yish kerak. Shuningdek, unga qatiq ichirish va zudlik bilan shifokorga murojaat qilish lozim.
Shuningdek, issiqda og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanish suvsizlanish va silla qurish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortib, yurak xuruji yoki insult yuzaga kelishi mumkin.
Shu sababli surunkali kasalliklari (gipertoniya, yurak kasalliklari, semizlik) bor insonlar issiq vaqtda jismoniy faollikdan cheklanish, agar zarur bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashishi lozim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61717 | Инструменты