Huawei 1
2017–2024 yillar tahlili: O‘zbekiston eksporti texnologik jihatdan murakkablashmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan UNCTAD metodologiyasi asosida O‘zbekistonning 2017–2024 yillardagi eksport tarkibining texnologik murakkabligi tahlil qilindi.

UNCTAD metodologiyasiga ko‘ra, eksport mahsulotlari texnologik murakkabligi va qayta ishlanish darajasiga qarab quyidagi 6 ta toifaga ajratiladi:

—  Past texnologiyali mahsulotlar (matolar, tayyor kiyim-kechak, plastmassa buyumlar, mebel, charm va yog‘och mahsulotlari);
—  O‘rta texnologiyali mahsulotlar (kimyo sanoati, polimerlar, o‘g‘itlar, dvigatellar, mashinalar, maishiy texnika, avtokomponentlar va qishloq xo‘jalik texnikalari);
—  Yuqori texnologiyali mahsulotlar (elektronika, elektrotexnika, tibbiy uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, aerokosmik texnika va o‘lchov asboblari);
—  Qayta ishlangan resursga asoslangan mahsulotlar (o‘simlik yog‘lari, tamaki mahsulotlari, sharbatlar, yog‘ochdan tayyorlangan buyumlar, ruda, neft mahsulotlari, kimyoviy xomashyo va metallar);
—  Xomashyo mahsulotlari (paxta tolasi, xom neft, tabiiy gaz, tozalanmagan rudalar, sabzavotlar, mevalar, oltin va boshqa yer osti boyliklari);
—  Tasniflanmagan mahsulotlar (maxsus maqsadli tovarlar, oltin (nomonetar), xizmatlar, elektr energiyasi,  yoki harbiy mahsulotlar).

Eksport tarkibining texnologik murakkabligi tahlili natijalari

Xomashyo mahsulotlari ulushi 2 barobarga qisqardi. 2017-yilda xomashyo mahsulotlarining eksportdagi ulushi 36,3% ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 17,3% gacha pasaydi. 2024-yilda xomashyo mahsulotlari eksporti tarkibida yetakchi o‘rinlarni mis (30,96%), sabzavotlar (18,6%), meva va yong‘oqlar (15,8%), tabiiy gaz (13,16%) hamda kumush, platina va boshqa qimmatbaho metallar (5,7%) egalladi.

Tabiiy resurslardan qayta ishlangan mahsulotlar ulushi 2 barobarga oshdi. 2017-yilda bu toifa eksportda 3,9 % ulushga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 8,4 % ga yetdi. Yetakchi o‘rinlarni minerallar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (13,96%), neft mahsulotlari (13,73%), sement va qurilish materiallari (13,39%), bug‘doy uni va meslin uni (11,67 %) hamda noorganik kislotalarning metal tuzlari va peroksit tuzi (6,97%) egalladi.

Past texnologiyali mahsulotlarning eksportdagi ulushi 14,2% dan 17,1% gacha o’sgan bo’lib, tarkibi ham sezilarli darajada murakkablashgan. Asosiy ulushni to’qimachilik ipi (37,1%), to’qimachilik mahsulotlaridan tayyor kiyim-kechak (13,1%), trikotaj va to’qilgan matolar (8,1%), tayyor to’qimachilik buyumlari (6,3%), paxta matolari (4,4 %) egalladi.                              

O‘rta texnologiyali mahsulotlar eksportining umumiy ulushi barqaror 8%  atrofida saqlanib turib, tarkibi murakkablashmoqda. Asosiy ulushni o‘g‘itlar (19,1%) va avtomobil qismlari va ehtiyot qismlar (18,6%), polietilen (12,3%), ichki yonuv dvigatellari (8,8%) va maishiy texnika (6,7%)  egalladi.

Yuqori texnologiyali mahsulotlarning umumiy tovar eksportidagi ulushi 2017-yildagi 0,5% dan 2024-yilga kelib 1,5% ga yetdi, o‘sish esa 3 barobarni tashkil etdi. Asosiy ulushni televizorlar va televizion qurilmalar (14,6%), aylanuvchi elektr uskunalar (14,2%), elektr jihozlari va apparaturalari (10,8%) hamda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mashinalar va ularning qismlari (9,7%)  egalladi.

O‘zbekiston Respublikasining 2017–2024 yillardagi eksport tarkibi tahlili eksportning texnologik tarkibi sifat jihatdan murakkablashayotganligini, xomashyo eksportidan tayyor mahsulotlarga o‘tish jadallashayotganligini, past va o‘rta texnologiyali mahsulotlar tarkibida chuqur qayta ishlash kuchayotganligini, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti barqaror o‘sayotganligini ko‘rsatmoqda. Eksportning texnologik tarkibida ro‘y berayotgan ijobiy siljishlar - bu mamlakat sanoat salohiyatining ortib borayotgani va xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikning kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61800 | Инструменты