Inversiya sabab havo ifloslanishi 17 yanvargacha davom etadi — Ekoqo‘mita

Iskandar Qutbiddinovning taʼkidlashicha, kunduzgi va kechki haroratning ayrim hollarda 14°gacha keskin farq qilishi, tuman tushishi hamda shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda. Natijada havo aylanishi sustlashib, ifloslanish omillari kuchayadi.

Maʼlum qilinishicha, maxsus komissiya faoliyati to‘xtatilmagan. Hozirda eʼtibor sanoat va xo‘jalik obyektlarida ekologik reydlar, nazorat hamda tekshiruv tadbirlariga qaratilgan.

Xususan, 1–7 yanvar kunlari Toshkent shahrida 12 ta, Toshkent viloyatida 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar o‘tkazilib, taʼsirchan choralar ko‘rilgan.

Shuningdek, atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan maʼmuriy choralar qo‘llanilgani aytildi.

Profilaktik yo‘nalishda ham ishlar kuchaytirilgan: tashlama manbalari ustidan monitoring oshirilgan, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda.

Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, antitsiklonlar taʼsiri pasayib, yog‘ingarchilik kuzatilishi va shamol tezligi oshishi bilan havo sifati bosqichma-bosqich normallashishi mumkin.

Qayd etilishicha, harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa hisoblanadi. Bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi, ifloslanishni yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Maxsus komissiyaning ekologik reyd va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettirilishi bildirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10912 | Инструменты