Haydovchilik huquqidan mahrum etilganlarni kameralar aniqlaydi

Ma’lum qilinishicha, yo‘llarda o‘rnatilgan zamonaviy foto va video kuzatuv kameralari haydovchilarning yuzini identifikatsiya qilish texnologiyasi bilan jihozlangan. Ushbu tizim orqali transport vositasini boshqarayotgan shaxsning shaxsi aniqlanib, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan fuqarolar tomonidan avtomobil boshqarilgan holatlar avtomatik tarzda qayd etiladi.

Ta’kidlanishicha, bu kabi texnologiyalar yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda yo‘llarda xavfsizlikni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qonunchilikka ko‘ra, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan holda transport vositasini boshqargan shaxslarga nisbatan birinchi marta bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima qo‘llanadi. Agar ushbu huquqbuzarlik ikkinchi marta takrorlansa, huquqbuzarga nisbatan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mutaxassislar haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishga, ayniqsa, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan holatda transport vositasini boshqarmaslikka chaqirmoqda. Zero, bu nafaqat qonunbuzilish, balki yo‘l harakati xavfsizligiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30514 | Инструменты